O'zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlar nima?


C5+1 muloqoti, 7-dekabr, Gamburg, Germaniya

O'zbekiston harbiy siyosiy ittifoqlarga qo'shilmaslik siyosatida sodiq qoladi. Mamlakat uchun mintaqaviy hamkorlik ustuvor masala. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan chiqishida, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) majlisida bu haqda gapirdi.

Germaniyada o'tgan YXHT anjumani doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan C5+1 muloqoti ham tashkil etildi.

Mirziyoyev esa Toshkentda so'zlar ekan, mamlakat uzoq va yaqin davlatlar bilan do'stona, ochiq, pragmatik aloqa olib boradi, dedi.

Gamburgda Tashqi ishlar vaziri Komilov deydiki, Karimov davrida shakllangan tamoyilga ko'ra, mamlakat harbiy-siyosiy bloklarga qo'shilmaslik, o'z hududiga xorij harbiy bazalarini joylashtirmaslik, o'zga davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik siyosatini o'zgartirmaydi.

Yangi rahbar qo'shni davlatlar bilan aloqalarga e'tibor qaratmoqda. Tojikiston va Qirg'iziston bilan iliqlashgan rishtalar Toshkent mintaqaviy hamkorlikni ustuvor ko'rayotganidan darak beradi.

Yirik davlatlar Markaziy Osiyo bilan yaxlit hamkorlikni rivojlantirish strategiyasiga ega, jumladan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya. AQSh tashabbusi bilan Samarqandda asos solingan C5+1 muloqoti nisbatan yangi format bo'lib, tashqi ishlar vazirliklari darajasidagi bu muzokaralar regional integratsiyani targ'ib qiladi.

Markaziy Osiyoda hamkorlik oqsab, o'zaro ziddiyatlar kuchayishi asosan Islom Karimovning qo'shnilarga nisbatan keskin siyosati bilan izohlab kelingan,

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Mirziyoyev Karimov davridagi tamoyillarga bog'lanib qolmaydi.

“Mirziyoyev hozir islohotlar o'tkazish hokimiyatning mustahkamlanishiga xizmat qilsa, o'tkazish kerak degan pozitsiyada turibdi. Albatta, bir tomondan hokimiyat avvalgi rejimga sodiqligini ta'kidlab turibdi, ammo ikkinchi tomondan islohotlarni amalga oshirmoqchi va bu o'zgarishlarning ayrimlari Karimov davridagi siyosatga mutlaqo zid”,- deydi u.

O'zbekistonning qo'shni davlatlar bilan aloqasi qayta jonlanmoqda. Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev O'zbekistonga borib, Samarqandda Karimov qabrini ziyorat qilishi, Mirziyoyev bilan muzokaralar o'tkazishi kutilmoqda.

Rossiya bilan aloqalar ham Karimov davridagidan ko'ra ancha iliq bo'lishi kutilyapti. Mirziyoyev prezident sifatidagi birinchi rasmiy safarini Moskvadan boshlaydi.

“O`zbekiston xalqaro siyosatda rossiyaparastlikni namoyon eta boshladi, BMTda Qrimdagi inson huquqlari buzilishiga doir ovoz berish jaroyonida O'zbekiston birinchi marta Rossiyani ochiq yoqlab chiqdi. Bunday qo'llab-quvvatlash qanchalik davom etadi, masalan, O'zbekiston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga qaytadimi, buni hozircha aytish qiyin”, - deydi ekspert Alisher Ilhomov.

O`zbekistonning yangi saylangan prezidenti G'arb bilan aloqalarni qanday rivojlantiradi, hozircha mahvum.

Alisher Ilhomovga ko'ra, O`zbekistonda rahbar o'zgardi, lekin munosabatlarga to'siq bo'lib kelgan muammolar o'sha-o'sha, jumladan, AQSh bilan aloqalarda.

“Hozir Gulnora Karimova bilan bog'liq korrupsiyaviy mablag' muhokama qilinmoqda. AQSh musodara qilingan bu pullarni O'zbekistonga ma'lum shartlar evaziga qaytarmoqchi, ya'ni bu mablag'ning aynan korrupsiyadan jabr ko'rgan odamlarga yo'naltirilishi kafolatlanishi kerak. O'zbekiston buni qabul qilsa, mablag' jamg'arma shaklida baribir mamlakat iqtisodiga qaytadi. Biror shartlarsiz bu pullarni qaytarish esa AQShning reputatsiyasiga ta'sir ko'rsatadi. Bu ikki o'rtadagi munosabatlarni taranglashtirib turgan misollardan biri. Keng miqyosda esa yangi hukumat bilan aloqalar rivojlanishi uchun aniq islohotlar boshlanishi kerak”, - deydi Ilhomov.

AQSh hukumati Mirziyoyevni prezidentlikka saylangani bilan tabriklar ekan, O'zbekistonda islotohlar boshlanadi deya umid bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG