Breaking News

Tojikiston ziyolilari: AQSh Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirsin


Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

AQShdagi prezidentlik saylovining borishi, saylovoldi marakalari, tojik ziyolilarining fikricha, eng oddiy insoniy uslubu-axloq munosabatlariga zid zaylda o’tgan. Prezidentlikka nomzodlar Hillari Klinton va Donald Trampning saylovoldi chiqishlarini kuzatgan tojik ziyolilari bu siyosiy kampaniyalar demokratik tamoyillarni emas, odobsiz dahanaki janglarni ko’rsatganini, Amerikaning dunyoviy obro’siga putur yetkazganini aytmoqda. Ayni paytda ularga ko'ra, saylovda Klinton xonimning qo’li baland kelishi aniq va bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun foydali ham bo’ladi.

Tojikistonda xalqaro voqealarni kuzatib boruvchi mahalliy ziyolilar nazarida, AQShdek yetakchi davlat prezidentligi kursisi uchun respublikachilar va demokratlar nomzodlari - Klinton xonim va Tramp o’rtasidagi siyosiy kurash dunyo afkor ommasi nazarida sharmandali ko’rinish oldi. Bu haqda so’z yuritgan tojik jamiyatshunosi Abdullohi Muhaqqiqning aytishicha, yuksak o’rin uchun da’vogarlarning o’zaro munosabatlari insoniy xislatlardan yiroq.

"Bugun biz dunyo OAVlari orqali o’qiyotgan, ko’rayotganlarimiz, bilganlarimizga ko’ra, Amerika prezidentligi kursisi uchun da’vogarlar o’rtasidagi kurash diplomatiya axloqlariga, siyosiy axloqqa va hammadan oldin, inson axloqiga to’g’ri kelmaydi. Agarchi, demokratiya inson munosabatlarining oliy tamoyillarini aks ettirsa ham, Amerika prezidentligiga nomzod bu ikki taniqli fuqorolar esa chiqishlarida o’zaro tahqir va haqoratlarga o’rin berar ekan, bu narsa diplomatik odob doirasidan tashqari bo’lib, salbiy oqibatlarga olib keladiki, jamiyatning o’zi buni tushunib yetishi kerak. Ehtimol, ular shu uslub bilan Amerikada naqadar demokratiya borligini ko’rsatib qo’yayotgandirlar, dag’allikni oshkoralik bilan oqlarlar, ammo dunyo siyosatida bu ko’rinish Amerikaning o’zi uchun sharmandalik deb o’ylayman", -deydi Muhaqqiq.

Afg’onistonda davlat xizmatida bo’lgan sharqshunos Tilav Rasulzoda AQShdagi saylov dunyo jamoatchiligi uchun namuna bo’lishi kerak, deb biladi. U ko’proq Klinton xonim haqida ijobiy fikr bildirdi.

"Faqat shunisini aytmoqchimanki, o’sha Klinton xonim sobiq sho’rolar davlati xalqi borasida, umuman, musulmonlar haqida o’ziga xos fikrga ega, ya’ni alohida ehtiromga ega. Tojikistonning bir fuqarosi sifatida menga shunisi ma’qulki, agar bu xonim Amerika prezidenti bo’lsa, Tojikistonu-Amerika munosabatlari va umuman sobiq sho’rolar mamlakatlari bilan aloqalar, albatta, yaxshilanadi, deb o’ylayman. U o’zining saylovoldi chiqishlarida ham Rossiya va sobiq sho’ro davlatlari bilan yaxshi munosabatlar o’rnatish tarafdori ekanligini aytib keldi. Va yana uning Amerika va umuman dunyo musulmonlariga nisbatan ehtiromi bor, bu alohida diqqatga molik narsa. Negaki, butun jahon siyosatida musulmon dunyosiga qarshi qanchalik sovuq munosabatlar o’tganiga guvoh bo’ldik. Go’yoki, islom dunyosi G’arbga qarama-qarshi kuchdek talqin etildi, jahonda musulmon dunyosiga qarshi qandaydir zo’raki mafkura shakllanayotgandek edi. Mana shunday dunyo muhitida AQShdek yetakchi davlat rahbarligiga diniy qarashlaridan qat’i nazar, pragmatik siyosat olib boruvchi liderning chiqishi barchamiz uchun xush keladi. Xonim Klinton, shuningdek, davlat kotibi vazifasida ishlab, dunyo siyosatini tushungan va yana u vaqtida AQSh prezidenti bo’lgan turmush o’rtog’ining tajribasiga ham ega. Uning raqibi Tramp esa, boshqacha kayfiyatdagi odam ekan", - deydi Rasulzoda.

Tojik jamiyatshunosi Abdulloh, xususan, prezidentlikka nomzod Trampning so’zlarini katta siyosiy xato sanaydi.

"U aytdiki, men umuman Amerikaga bironta musulmon oyoq qo’yishiga yo’l qo’ymayman deb. Uning gaplari, albatta, barcha xalqaro konvensiyalarga, inson huquqlariga zid bo’lib, bunaqa siyosiy chiqishlarga yo’l bermaslik zarur. Shu yerda Tramp katta xatoga yo’l qo’ydi, og’ziga kelganini aytaverdi, bunaqa odam prezident bo’lolmaydi", - deydi Abdulloh.

AQSh prezidentligiga nomzodlarning kurashini kuzatgan siyosatshunos Abdujabbor Yo'ldoshev o’tgan siyosiy marakani o’z mintaqasidagi kurashlar bilan taqqoslar ekan, hatto bizda bunaqa emas deydi.

"Ehtimol, bizning qonunlar bilan Amerika qonunlari bosqachadir, ammo bizda hech qachon o’z siyosiy raqiblariga nisbatan bironta yomon gaplarni ishlatishmaydi. Ularda esa shunaqa ehtiros bilan yomon gaplarni aytishadi, bir-birlariga nisbatan tahqirli so’zlarni tilga olishadi. Axir, nomzodlarning qandayligini saylovchilar aytishsin, nainki ularning o’zlari. Ochig’ini aytsam, har ikkalasidan ham ko’nglim qolib ketdi. Ularning raqobatida umuman madaniyat qolmadi, biri-biri haqida istagan narsasini aytaverishdi, umuman bunga qiziqmay qo’ydim. Fikrimcha, Amerika tarixida bu darajadagi rasvo saylovoldi chiqishlari bo’lmagan bo’lsa kerak, - deydi Abdujabbor.

Amerikadagi saylov natijalari haqida oldindan so’z yuritgan jamiyatshunos Muhaqqiqning fikricha, Klinton xonimning saylovda yutib chiqish imkoniyatlari katta.

"Tramp ham, albatta, ancha ko’p tarafdorlariga ega, kimning g’alaba qilishini saylov ko’rsatadi. Biz Klinton xonimning Dushanbega tashrifini yaxshi eslaymiz, xonim Tojikiston haqida yaxshi ma’lumot va ko’p taassurotlarga ega. Davlatlarimiz orasidagi munosabatlar rivojiga, o’zaro do’stona sulhparvar aloqalar yuksalishiga o’z hissasini qo’shishiga ishonaman va albatta uning faoliyati bizga ijobiy ta’sir ko’rsatadi", - deydi Muhaqqiq.

Tojik ziyolilarining fikricha, AQShning yangi prezidenti kim bo’lishidan qat’i nazar, Markaziy Osiyo bo’yicha C5+1 formatidagi uchrashuvlarni yanada ko’proq tashkil etishi, mintaqa birligi uchun o’z ta’siridan foydalanishi zarur.

XS
SM
MD
LG