Breaking News

Karter jangovar kemada Janubiy Xitoy dengizini aylanadi


Malayziya Bosh vaziri Najib Razoq (markazda), Mudofaa vaziri Hisomuddin Husayn va Pentagon rahbari Eshton Karter Malayziyadagi sammitda. Kuala-Lumpur, 4-noyabr, 2015-yil.
Malayziya Bosh vaziri Najib Razoq (markazda), Mudofaa vaziri Hisomuddin Husayn va Pentagon rahbari Eshton Karter Malayziyadagi sammitda. Kuala-Lumpur, 4-noyabr, 2015-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter va Malayziya Mudofaa vaziri Hisomuddin Husayn ertaga, payshanba kuni Amerika jangovar kemasiga o'tirib, Janubiy Xitoy dengiziga safar qiladi. Ayni paytda Xitoy hududda sun'iy orollar va harbiy inshootlar qurish bilan mashg'ul.

Vazirlar Karter va Husayn AQShning "Teodor Ruzvelt" nomli avianosetsida Malayziya sohillari yaqinini ko'zdan kechiradi. Eslatib o'tamiz, Karter shu kunlarda Malayziyada ASEAN davlatlari mudofaa vazirlarining uchrashuvida qatnashmoqda.

Bir necha kun oldin Amerikaning boshqa bir harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengizidagi talash Spratli orollari yaqinidan suzib o'tgan edi. Xitoy bu orollarni sun'iy ravishda kengaytirib, uchish-qo'nish yo'laklari va boshqa inshootlar qurib keladi. Holbuki, orol va uning tevaragidagi tabiiy zaxiraga boy suvlarga Filippin, Vyetnam, Tayvan va Osiyoning boshqa mamlakatlari ham da'vogar. Obama ma'muriyatining izohicha, Amerika harbiy kemasini hududga yuborishdan maqsad xalqaro suvlarda erkin qatnash imkonini ta'minlashdan iborat. Oddiy patrul safari edi, xolos, deydi AQSh tomoni.

Janubiy Xitoy dengizi ustidagi tortishuv bois ASEAN mudofaa vazirlarining Malayziyada o'tayotgan anjumanida taraflar qo'shma bayonot e'lon qilishning uddasidan chiqa olmagan. Rasmiy Pekin, xususan, bayonotda talash hududlar haqida alohida band bo'lishiga mutlaqo qarshi.

Qo'shma Shtatlar Xitoydan Janubiy Xitoy dengizidagi barcha qurilish ishlarini bas qilishni talab qilib keladi. Mintaqaning tinchini buzmoqda bu qurilishlar, deydi Amerika rasmiylari. Xitoy esa bu ishlar faqat tinch maqsadlarni ko'zlashini ta'kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG