Breaking News

Markaziy Osiyoni kelajakda nimalar kutmoqda? Yerlan Karin tahlili


Yerlan Karin, qozog'istonlik siyosiy arbob, tahlilchi
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Markaziy Osiyo yirik siyosiy o’zgarishlar bo’sag’asida turibdi. Ularning ijobiy yoki salbiy bo’lishi xususida turli mutaxassislar turlicha fikrda. Vashingtonda tajriba almashayotgan qozog’istonlik ekspert Yerlan Karin tahlilchilar fikrlarini mujassamlashtirdi.

"Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng regiondagi davlatlarning har biri o’z yo’lidan ketdi. Markaziy Osiyoni yaxlit mintaqa sifatida ko’rish to’g’ri emas, respublikalar taraqqiyotning turli bosqichida, umumiy bir strategiya yo’q", - deydi qozog’istonlik yosh mutaxassis.

Kelasi ikki yilda mamlakatlarda prezident va parlament saylovlari kutilar, ichki va tashqi omillarning keskinlashishi bashorat qilinar ekan, mintaqa turbulentlik, girdobli harakatga kiryapti, deydi Yerlan Karin.

"Tashqi omillar qatorida yil oxirigacha Afg’onistondan xorijiy qo’shinlarning chiqishini, prezident saylovlarida ikkinchi bosqich ehtimolini ko’rish mumkin. Yevropa, Rossiya va boshqa mintaqalardagi tahlilchilarning bu boradagi bashoratlari salbiy. Markaziy Osiyo davlatlari afg’on omilidan harbiy xarajatlarni oshirish uchun foydalanmoqda", - deydi Karin.

Qozog’istonlik ekspertga ko’ra, Markaziy Osiyo xavfsizligini belgilashda Afg’oniston omili muhim, biroq ichki siyosiy omillar yanada muhimroq.

"Mintaqada qo’shni davlatlar bilan aloqalarning keskinlashishi kutilyapti. Chegarada mojarolar, suv va boshqa resurslar uchun to’qnashuvlar kuzatilishi mumkin. Ichki siyosiy vaziyatning murakkablashishi, hokimiyat uchun kurashning jadallashishi bunga sabab bo’ladi", - deydi qozog’istonlik ekspert.

Tahlilchilar Markaziy Osiyoda hokimiyat bir necha ssenariyga ko’ra yangilanishiga ishora qilmoqda.

"Birinchisi bu hokimiyatning ishongan odamga yoki oila a’zosiga topshirilishi. Ikkinchisi elitaning maslahatlashib bir qarorga kelishi. Uchinchi ssenariyga muvofiq amaldagi davlat rahbari hokimiyat tizginini qo’ldan butunlay chiqarmaydi va siyosatni chetdan turib yuritadi. Va nihoyat, hokimiyat tub siyosiy o’zgarishlar natijasida yangilanadi".

Yerlan Karinning aytishicha, Markaziy Osiyoda sobiq sovet rahbarlarining davri tugamoqda. 2014-2015-yil saylovlari ba’zilari uchun so’nggisi bo’lishi mumkin.

Yaqin kelajakda mintaqaning qaysi yo’ldan borishi xususida ham turlicha variantlar taklif etilmoqda.

Yerlan Karinga ko’ra, shulardan biri hozirgi siyosiy vaziyatning davom etishi.

"Shunday bo’lgan taqdirda keskin o’zgarishlarni kutmaslik kerak. Hokimiyat muammosiz, tashqi aralashuvsiz yangilanadi, siyosiy kurs o’zgarmaydi, mintaqadagi davlatlar bilan aloqalar o’zaro manfaatlarga qarab olib boriladi", - deydi ekspert.

Voqealar rivojining boshqa bir ehtimoli shuki, tashqi tahdidlar kuchayadi, qo’shni davlatlar bir-biridan uzoqlasha boradi, millatchilik siyosati avj olib, harbiy salohiyatni oshirishga katta urg’u beriladi, qo’shnilar bilan mojaro ehtimoli kuchayadi.

Yerlan Karinning aytishicha, tahlilchilar mintaqada Rossiyaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy ta’siri oshib, respublikalar Yevrosiyo Ittifoqiga kiradi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH davlatlarining Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining roli kuchayadi, elitalar tashqi bosim ostida almashadi. Bu – uchinchi ssenariy.

Ekspertga ko’ra, so’nggi ssenariy bo’yicha boshqa yirik davlatlar ham harakatga kelib, geosiyosiy raqobat avj olishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishini sharhlar ekan, ko’p sonli rus aholi yashovchi Qozog’iston shimolida separatizm holatiga guvoh bo’lmaymiz, deydi. Buning sababi Qozog’istonda davlat boshqaruvining effektiv yuritilayotganida, Ukrainada esa davlatchilik mexanizmi ishdan chiqdi, korrupsiya kuchaydi.

Yerlan Karinning aytishicha, korrupsiya boshqaruv asoslari zaif mamlakatda ildiz otadi.
  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG