Breaking News

Markaziy Osiyoda tropik iqlimga xos kasalliklar uchramoqda


Manbalarga ko'ra, Markaziy Osiyoda har bir bola kamida bir turdagi gijja bilan zararlangan
Manbalarga ko'ra, Markaziy Osiyoda har bir bola kamida bir turdagi gijja bilan zararlangan

Markaziy Osiyo mamlakatlarida tropik iqlimga xos kasalliklar tarqalayotgani haqida ma’lumotlar bor. Xalqaro tashkilotlar bu borada anchadan beri ogohlantirib keladi. Muammo sababi esa mintaqa bo’ylab sog’liqni saqlash sohasi oqsab qolgani.

Tropik kasalliklar haqida gap ketganida odatda Afrika, Lotin Amerikasi va Janubiy Osiyo nazarda tutiladi. Ammo so’nggi paytlarda bunday xastaliklar Markaziy Osiyoni ham o’z iskanjasiga olmoqda.

Vaqtida emlanmagan, keyinchalik esa davolanmagan bemorlarning shol, kar yoki ko’r bo’lib qo’layotgani ma’lum. Kasalliklarning asosiy qurbonlari yosh bolalardir.

Piter Xotez - Texas shtatidagi Tropik tibbiyot oliygohi professori:

“Turli gijja infeksiyalaridan tashqari, brusellyoz, leptospiroz va toksoplazmoz kabi yuqumli kasalliklar uchramoqda. Ko’plar bunday kasalliklar haqida eshitmagan ham”.

Markaziy Osiyoda tropik iqlimga xos kasalliklar uchramoqda
Markaziy Osiyoda tropik iqlimga xos kasalliklar uchramoqda

AQShda chiqadigan “E’tiborsiz qolgan tropik kasalliklar” deb nomlangan veb-jurnalning 27-sentabrgi sonida Markaziy Osiyodagi vaziyat tahlil qilinadi.

Maqolada mintaqaning besh mamlakatidagi ahvol va muammo sabablari o’rganiladi.

Xususan, O’zbekistonda tuproq orqali yuqadigan gijja kasalliklari keng tarqalgani qayd etiladi va bu iqtisodiy o’sish sur’atlarining pasayishiga sabab bo’layotgani aytiladi.

Maqola mualliflari Qirg’izistonning janubi-g’arbiy qismida tadqiqot o’tkazishga muvaffaq bo’lgan. Ular o’rgangan hududda har bir o’g’il va qiz bolada kamida bir turdagi gijja borligini aniqlagan. Buning oqibatida bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishi sekinlashgani ma’lum bo’lgan.

So’nggi 20 yil ichida mintaqaning besh mamlakatida gijjaning hayvondan odamga o’tishi hollari to’rt barobar ko’paygan.

Tadqiqotchilar nazarida bu rasmiy statistika, asl vaziyat ancha og’ir bo’lishi mumkin.

Buning sababi – davlat muassasalari hayvonlarni yalpi tarzda tekshiruvdan o’tkazmasligi, chorvadorlarning esa veterinar xizmatidan foydalanmasligi. Maqolada mana shu muammoga diqqat qaratiladi.

Mintaqa bo’ylab sog’liqni saqlash sohasiga yetarli e’tibor qaratilmayapti, emlash va davolashga kerakli ­mablag’ ajratilmaydi. Shifokor va hamshiralarning professional darajasi tushib ketgan. Tadqiqot mobaynida tibbiy xodimlarning ko’pchiligi bugun aholini qiynayotgan kasalliklar haqida umuman bilmasligi aniqlangan.

Izlanishga boshchilik qilgan doktor Piter Xotez xorijdan yordam zarur deydi.

”Biz kasalliklarning qanday yuqishini yaxshilab o’rganib, so’ngra ularga qarshi choralar dasturini ishlab chiqishimiz kerak. Tashhis, muolaja va profilaktika uchun jihoz-uskuna va dori-darmon bilan ta’minlash kerak”.

Markaziy Osiyo hukumatlari esa birinchi navbatda muammoni tan olib, uni ko’tarib chiqayotgan va yordam taklif qilayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi lozim. Yuqorida tilga olingan tadqiqotga rasmiylar uncha qiziqish bildirmagan va olimlar so’ragan ma’lumotlarni to’liq bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG