Breaking News

Prezident Tramp "g'irrom" Xitoyni jazolashga bel bog'lagan


Pekin do'konlarida
Pekin do'konlarida

Donald Tramp Amerika prezidenti sifatida ish boshlashi bilanoq Xitoyni moliyaviy yolg’onchi, “valyuta manipulyatori” deya tamg’alamoqchi. Tramp Pekinni “global miqyosdagi nayranglari” uchun jazolashga bel bog’lagan.

Xitoy mahsulotlariga tariflar oshishi kutilmoqda.

Yuan qadri tushib bormoqda. Tramp saylanganidan beri ancha pasaydi. Bugun 1 AQSh dollari 6,8 yuanga teng. Kutilmagan o’rgarish. Pekin xavotirda. Markaziy bank yuan qiymatini 6,8 dan pasaytirmasligini bildirmoqda. Hammaga ma’lumki, Xitoy pul qadrini nazorat qilib keladi. Kapitalist davlatlar nazarida bu - g’irromlik.

Yaqingacha Markaziy bank milliy pul qiymati 2 foizga oshishi yoki kamayishi mumkin deya ruxsat bergan edi. Xalqaro Valyuta Fondi yuanni xalqaro muomaladagi pul sifatida tan oladi, lekin uning ustidan nazoratni qoralab keladi.

Xitoy o’z mahsulotlarini arzonga eksport qilib, Amerikadagi fabrika va zavodlarni o’ziga jalb etib, ulkan iqtisodiy zarar keltirmoqda, degan tanqid AQShda uzoq yillardan beri yangraydi.

Xitoy iqtisodiyoti hozir zaif. Bu esa eksport va valyutani ham zaiflashtirgan.

Tramp qanchalik baqir-chaqir qilmasin, AQSh Xitoy kuchayishidan manfaatdor, deydi mutaxassislar. Chunki mamlakat Xitoy mollarining keng iste’molchisi. Ikki davlat orasidagi biznes aloqalar chigal va global maydondagi eng kuchli o’zaro tijoriy tizimdir. Xitoyni jazolash AQSh firmalarini ham jazolash degani.

Xitoy ham Amerika bizneslariga nisbatan jazo choralarini ko’rishi mumkin. Ishbilarmonlarga ko’ra, har taraf qoidalarga birdek amal qilishi lozim biroq davlatlar bir-biridan o’ch olishni boshlasa, iste’molchi va ishlab chiqaruvchi zarar ko’radi. Bu iqtisodiy tanglikka yetaklashi mumkin.

Tramp Xitoy mahsulotlariga tarifni 45 foizga oshirishni va’da qilgan. Biroq bunga haddi sig’masligi mumkin.

Yangi prezident Xitoyga nisbatan chora ko’rishi aniq, deydi ekspertlar, ammo qattiq qadamlar tashlanmaydi. Uzoq muddatni ko’zlovchi qarorlar qilinishi mumkin - Xitoyni o’zgarishga majbur qiluvchi choralar. Yoki Tramp yangicha hamkorlik yo’lidan borishi mumkin.

Pekin universitetidan professor Maykl Petits tahlilicha, Oq uy o’zining eng yirik raqobatchisi va hamkori bilan o’chakish haqida obdon o’ylashi kerak. Obama ma’muriyati ham boshida keskin o’zgarishlar va’da qilgan edi, lekin Pekin bilan til topishishga majbur bo’ldi.

“Xitoy o’zgarmoqda va uning boshiga urishdan hozir Amerikaga hech qanday foyda bo’lmaydi”, - deydi Petits.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG