Breaking News

Iqtisodchilar: "Xitoy taraqqiyoti global ekonomikaga ijobiy ta'sir qiladi"


Iqtisodchilar: "Xitoy taraqqiyoti global ekonomikaga ijobiy ta'sir qiladi"
Iqtisodchilar: "Xitoy taraqqiyoti global ekonomikaga ijobiy ta'sir qiladi"

Xitoy valyuta zaxirasi bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi. Hisobida uch trillion dollar bilan bu mamlakat so'nggi yillarda rivojlanayotgan davlatlarga Jahon bankidan ham ko'proq kredit bergan. Qo'shma Shtatlar iqtisodiy krizisni boshdan kechirayotgan bir paytda Xitoy aksincha rivojlanmoqda.

Jahon bo'ylab yalpi ichki mahsulotning choragi Qo'shma Shtatlar hissasiga to'g'ri keladi. Ya'ni AQSh mulkka boy, ammo har bir dollarning 40 sentini qarzga olgani bois daromadining katta qismini qarzdan to'lanadigan foizni yopishga sarflaydi. AQShning asosiy kreditori esa Xitoy.

Domeniko Lombardi Vashingtondagi Brukingz tahlil institutida xalqaro moliya bo'yicha mutaxassis.

"Qo'shma Shtatlar qarzning katta qismini Xitoydan oladigan bo'lgan. Bu Xitoy qo'lidagi muhim qurol va rasmiy Pekin undan ikki tomonlama uchrashuvlarda unumli foydalanishga harakat qilyapti", - deydi ekspert.

Bu 30 yil oldin aholisining 90 foizi qashshoq bo'lgan mamlakat uchun katta yutuqdir.

Vashingtondagi Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Yukon Xuanning aytishicha, Xitoy jahonda yirik eksportchi davlat, iqtisodiyotining hajmi bo'yicha esa ikkinchi o'rinda turadi.

"Ammo 10-15 yilda bu ko'rsatkich borasida birinchi o'ringa ko'tarilishi bashorat qilinmoqda", - deydi u.

Iqtisodiyot yiliga sakkiz foizga o'sar ekan, Xitoy bu borada qudratli davlatga aylanib bo'lgan. Xitoy taraqqiyoti, deydi Lombardi, jahon iqtisodiyotiga bevosita ta'sir qiladi.

"Xitoy iqtisodiyoti o'sishda davom etar ekan, global iqtisodiyot ham umuman olganda rivojlanadi", - deydi Domeniko Lombardi.

Gretsiya bankrot yoqasida ekan, Yevropaga ko'p eksport qiluvchi Xitoy bu davlatga yordam qo'lini cho'zmoqda.

Pekin moliyaviy siyosati tanqidchilariga ko'ra, Xitoy milliy valyutasi - yuan qiymatini ataylab tushirishi oqibatida eksportga chiqarilayotgan mollari arzonlashib, raqobatchilardan ustun kelmoqda. Xitoy o'tgan yili valyutasi kursini isloh qilishni va'da qilganiga qaramay yuanning dollarga nisbatan kursi besh foizga ko'tarildi xolos.

Rasmiy Pekinning bunday siyosati natijasida, deydi AQSh rasmiylari, Amerikaning Xitoy bilan savdo kamomadi kuchayib, minglab amerikaliklar ish o'rinlarini yo'qotdi.

Ammo Karnegi jamg'armasi mutaxassisi Yukon Xuanning aytishicha, yuan kuchli bo'lsa, Xitoyning arzon mollariga bozor yo'qoladi. Yaponiya yo'lidan borib, AQSh bilan yuqori sifatli mahsulotlar va texnologiya uchun raqobatga kirishadi.

"Nazarimda yuan qiymati ko'tarilsa, AQSh bilan savdoga doir ziddiyatlar aksincha kuchayadi. Bundan esa asosan amerikalik xaridor zarar ko'radi. Foydasinichi? Boshqa rivojlanayotgan davlatlar deb o'ylayman", - deydi Xuan.

Ekspertning aytishicha, Xitoy bilan raqobat kuchaysa, Amerika kompaniyalari o'z vatanida ish o'rinlari yaratmay boshqa mamlakatlardan arzonroq ishchi kuchini topadi.

"Mahsulot qismlari Amerikada emas, boshqa joylarda ishlab chiqariladi, jumladan Xitoyda. Natijada kompaniyalar boyib, amerikaliklar esa ishsiz qoladi", - deydi Yukon Xuan.

Boshqa kuzatuvchilarning aytishicha, Xitoy valyutasi kursining past bo'lgani sabab jahon iqtisodiyotida ikkinchi o'rinni egallayotgan davlat kambag'al hamdir. Kishi boshiga o'rtacha daromad yiliga 4000 dollar bo'lib, boylar va kambag'allar o'rtasida farq ham, inflyatsiya ham o'smoqda.

"Taraqqiyotning hozirgi modeli olg'a siljishga imkon bermaydi", - deydi ekspert Lombardi.

Xitoy Markaziy Bankiga ko'ra, muammoga moliyaviy islohotlar orqali yechim topish mumkin. Rasmiy Pekin yuanni kuchaytirib, kelajakda yevro va dollardan quvvatliroq muqobil pul birligiga aylantirmoqchi.

Pekin nazarida uning muvaffaqiyati ko'p jihatdan sog'lom jahon iqtisodiyotiga bog'liq. Dunyoda xarid qilish quvvati kuchli bo'lsa, Xitoy mollari rastalarda turib qolmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG