Breaking News

Obama hukumatni ixchamroq qilmoqchi


Obama hukumatni ixchamroq qilmoqchi
Obama hukumatni ixchamroq qilmoqchi

Prezident Barak Obama tashqi savdo va tijorat agentliklarini birlashtirmoqchi. Bu boradagi rejasini e’lon qilar ekan, hukumatni ixchamlashtirish kerak, dedi.

Dunyoning eng yirik iqtisodiy tizimi qog’ozbozlikni cheklab, mayda idoralar faoliyatini qayta ko’rib chiqadi.

Xususiy sektor vakillari oldida so’zlagan Barak Obama AQSh iqtisodiyoti uchun mas’ul olti idora endi bitta bo’ladi, dedi.

Davlat rahbari federal agentliklarni shaklan o’zgartirish yoki tugatish vakolatini qo’lga kiritmoqchi. AQShda 1984-yilgacha prezidentlarning bunga haqqi bor edi.

“Bugungi tizim xalq talablariga javob bermayotgani sir emas”, - deydi Obama. “Besh agentlik uy-joy bilan shug’ullanadi, o’nlab idora oziq-ovqat sifatiga qaraydi, ikki agentlik esa chuchuk va tuzli suvda suzgan baliqni bir-biridan ajratish ustida ishlaydi”, - deya kuladi prezident.

“XXI-asrda yashayapmiz, lekin idoraviy struktura oldingi asrga xos. Dunyo o’zgarmoqda, biz ham o’zgarishimiz kerak. Agentliklarimiz esa haliyam o’sha-o’sha, hatto avvalgidan murakkab, chalkashroq”, - deydi Barak Obama.

Prezident eksport-import, xorijdagi sarmoya, savdo hamda taraqqiyot bilan shug’ullanuvchi har xil agentliklarni bitta qilish tarafdori. Tijorat vazirligida ulkan o’zgarishlar kutilmoqda.

Obama ma’muriyati hisob-kitobicha, bu reja kelasi 10 yilda 3 milliard dollar tejab, ko’pi bilan 2000 ish o’rni qisqaradi.

Amerikada mavjud fikr shuki, hukumat juda kattalashib ketgan, xarajati ham ko’p. Ayniqsa, respublikachilar bu borada tinimsiz shikoyat qiladi.

Ishga endi kirishganida u eksportni 2014-yilga qadar ikki karra oshirishga va’da bergan edi.

“Katta agentliklarni birlashtirib, ixchamroq qilsak, Amerika mahsiloti ham xorijga chiqishi osonlashadi”, - deydi u.

Vakillar palatasida hukmron respublikachilar uning takliflarini ma’qullaydimi? Senatda ko’pchilikni tashkil etuvchi demokratlar-chi?

Har ikki tomondan olqishlar va tanqid yangramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG