Breaking News

Xitoy harbiy dengiz qudratini oshirmoqda


Xitoy harbiy kemalari
Xitoy harbiy kemalari
Osiyoda bir necha davlat tabiiy resurslarga boy ayrim hududlar va baliqchilik huquqlari borasida tortishar ekan, ba’zi mamlakatlar harbiy flotlarini kengaytirmoqda. Xitoy bu borada yetakchi davlat.

Xitoy byudjetdan mudofaa uchun sarfiyatlarni oshirmoqda. Harbiy flot salohiyatiga alohida e’tibor qaratilyapti. So’nggi paytda Xitoy suvosti kemalari, esminetslar, avianosetslar va qo’riqchi kemalar parkini kengaytirgan. Biroq, deydi londonlik tahlilchi Jeffri Till, bu davlatni dengizda qudratli kuch deyishga hali erta.

"Xitoy harbiy-dengiz floti endi oyoqqa turmoqda", - deydi u.

Ekspert nazarida Sharqiy Afrikada dengiz qaroqchilariga qarshi operatsiyalar Xitoy salohiyatini oshirishda yordam berdi. Qo’shma Shtatlar qo’shni davlatlar bilan dengiz hududlarini talashayotgan Xitoy harbiy qudratini ishga solishi mumkinligidan xavotirda.

"Pekin Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarida mudofaaga qattiq kirishgudek bo’lsa, qo’shnilar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi, AQSh flotining mintaqada harakatlanishini cheklab qo’yishi mumkin", - deydi Jeffri Till.

Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasi xavfsizligini tashqi siyosatdagi ustuvor vazifa deb, Filippin va bir necha davlatga harbiy yordam ko’rsatmoqda. Tahlilchi Tillning aytishicha, Osiyoda qurollar poygasi ketyapti deyishga sabab yo’q, ammo bu ehtimoldan xoli emas.

"Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi bahslar istalgan payt raqobatga, bu esa o’z navbatida xalqaro mojaroga aylanishi mumkin", - deydi u.

Pekin Janubiy Xitoy dengizida o’ziniki deb bilgan hududlarni xaritada belgilab chiqqan.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti professori Rut Vejvudning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoyni qo’shnilar bilan murosa qilishga chaqirib, bosim qo’yishi mumkin.

"AQSh kemalari har zamonda bu hududlarni kezib turadi. Vashington muammolarning qonuniy ravishda, qo’shnilarcha hal etilishi tarafdori", - deydi olima.

Prezident Si Zinpinning aytishicha, Xitoy floti o’z dengiz chegaralarini mudofaa qilishga shay.

Vashingtonlik tahlilchi Maykl Oslin nazarida AQShning bu boradagi imkoniyatlari cheklangan.

"Amerika bosimi Pekin pozitsiyasini o’zgartira olishiga ishonmayman. Ammo Xitoy o’ziga bir savol berishi lozim: bahs-munozara, janjal qilib, Pekin barcha qo’shnilari bilan aloqalarini buzishni istarmikan?"

Xitoy bir yo’lni tanlashi kerak, deydi ekspert.

"Xitoy Hindiston bilan, Rossiya bilan, Mongoliya bilan tortishmoqda. Nahotki Si Zinpin kelasi 10 yil mamlakatni shunday muhitda boshqarishni istasa? Bunga ishonmayman", - deydi tahlilchi.

Maykl Oslinning aytishicha, Pekin bilan dengizda tortishayotgan davlatlar u bilan savdo qilishdan va shu bilan birga AQSh bilan xavfsizlik bobida hamkorlikdan voz kechmoqchi emas.

Osiyo davlatlari harbiy salohiyatini oshirmoqda/ASIA MILITARY BUILDUP
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG