Breaking News

Xitoy uyg'ur mahbuslari Slovakiyaga jo'natilishidan norozi


Xitoy Qo’shma Shtatlarni uch nafar uyg’ur mahbusini Guantanamo turmasidan Slovakiyaga ko’chirish qarori uchun tanqid qilayapti.

Bu mahbuslar ko’p janjalga sabab bo’lgan qamoqxonada saqlangan 22 uyg’urdan oxirgisi. Prezident Obama Guantanamo turmasini yopishga va’da berib keladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, bu odamlar xatarli va Xitoyga qaytarilishi lozim.

“Terrorchilar haqida gap ketayapti. Ular nafaqat Xitoy, balki mahbuslarga mezbon davlat xavfsizligiga ham tahdid solishi aniq”, - deydi vazirlik rasmiylari. Rasmiy Pekin Slovakiya bu shaxslarga boshpana bermasdan vataniga qaytarib yuboradi, degan umidda.

Pekinning bildirishicha, bu odamlar Sharqiy Turkiston islomiy harakati a’zolaridir. Guruh Shinjon-uyg’ur muxtoriyatining mustaqilligi uchun kurashib keladi.

Uyg’ur-Amerika uyushmasidan Olim Seitoff mahbuslar ko’chirilganini olqishlab, ular hech kimga xavf solmaydi, deya ta’kidladi.

“Amerika hukumati beayb deb topgan bu uyg’urlar, Xitoy da’vo qilganidek, terrorchi emas. Ular biror davlat yoki jamiyat uchun xavf-xatar kasb etmaydi. Rasmiy Pekin 2001-yilning 11-sentabridan keyin uyg’urlarni atayin terrorchi deb tamg’alab, shafqatsiz kampaniya yuritib keladi”, - deydi Seitoff.

Mahbuslar 2001-yilda AQShning Afg’onistonga harbiy yurishi paytida ushlanib, shundan beri terrorchilik gumoni bilan qamoqda saqlanadi.

2008-yilda AQSh sudi ularni qo’yib yuborishni buyurgan, ammo sobiq mahbuslarni qabul qiladigan davlatlarni topish mushkul bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG