Breaking News

Xitoyda xorijiy josuslarni topganlar uchun yirik mukofot


Pekin, Xitoy
Pekin, Xitoy

Xitoyda chet el josuslarini aniqlashga yordam bersangiz, minglab dollar mukofot puli olasiz. Bebaho ma'lumot uchun hukumat sizni 73 ming dollar bilan siylashi mumkin.

Rasmiylar deydiki, davlat sirlarini saqlash bugun nihoyatda qiyinlashgan va hukumat har tomonlama ogoh fuqarolarga suyanmoqda. Bu siyosatni targ'ib qiluvchi video reklamalar telekanallarda tinimsiz havola etiladi. Odamlardan xavfsizlikni ta'minlashda davlat organlari bilan yaqindan ishlash so'ralmoqda.

Mutasaddilarning tushuntirishicha, hozirgi zamon josuslari kamtarin ko'rinishda, jamiyat bilan tezda til topishadi hamda o'zga madaniyat vakillari bilan darhol aralashib ketishga qodir uddaburo insonlardir. Ular oddiy savollar berib, katta ahamiyatga ega informatsiyani qo'lga kiritishi mumkin, deyiladi Xitoyda tinimsiz efirga uzatilayotgan siyosiy reklamalarda.

Josuslar fuqarolarni hukumatga nisbatan qayrashi, rahbarlarni tanqid qilishga undashi mumkin, deydi rasmiylar, odamlar ularning to'riga ilinmasligi lozim.

Bu bilan Xitoy hukumati tuzumni savolga tutgan har bir shaxs va uning atrofidagi odamlarni nishonga olish vakolatini asoslashga urinmoqda. Tanqidiy fikrlagan fuqaro - dushman.

“Ular haqida hukumatga info uzatsangiz, 100-500 ming yuan miqdorida mukofot olasiz. AQSh dollarida bu 15-73 ming dollar. Ma'lumot aniq bo'lishi va josuslarni qo'lga olishga yetaklashi lozim", - deyiladi reklamalarda.

Xitoy ko'chalarida
Xitoy ko'chalarida

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan xitoyliklar nazarida davlat mukofot bermasa ham odamlar nozik axborotni unga yetkazadi.

Fuqaroning asosiy vazifasi - hukumat bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilish, deydi suhbatdoshlardan biri.

Ayrimlar fikricha, oddiy odamlar josuslarni aniqlash uchun yetarli bilimga ega emas.

Ism-sharifini bildirishdan qo'rqqan bir xitoylik esa xavfsizlik organlari fuqarolarni o'ziga og'dirish hamda ularni nazorat qilish uchun yangidan-yangi usullar va targ'ibot turlarini o'ylab topadi.

"Kim Xitoyga nima izlab keladi? Qancha xorijlik uzoq qishloq va hududlarga boradi? Jamiyatimiz o'zi nega boshqalardan xavfsiraydi"? - deya so'raydi bu fuqaro.

Boshqa bir suhbatdosh esa shunday deydi:

“Xitoyda josus juda ko'p, chunki yurtimiz tezlikda rivojlanmoqda. G'arb esa orqaga qarab ketmoqda. Sharq ko'tarilmoqda. Josuslar albatta ko'payadi-da".

Shanxay, Xitoy
Shanxay, Xitoy

Ijtimoiy tarmoqlarda xitoyliklarga ko'ra, bugungi eng dolzarb muammo iqtisodiy nochorlik va uy-joy ta'minoti - transport masalasi og'ir, maosh oz, boshpana qimmat, havo esa ifloslangan.

Korrupsiya, yulg'ichlik, repressiya va tazyiqlardan norozilar ham ko'p.

Xitoy axborot vositalarida xorijda yurgan fuqarolar, faollar, ekspertlar va etnik va siyosiy guruhlar bu davlatning taraqqiyotini ko'ra olmayotganlikda ayblanib, tuzumni tanqid qilgani uchun qoralanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG