Breaking News

Tinchlik uchun Nobel mukofoti topshirildi, Xitoy g’azabda


Nobel mukofotini topshirish marosimi, Oslo, 10 dekabr 2010
Nobel mukofotini topshirish marosimi, Oslo, 10 dekabr 2010

Xitoy g’azabiga qaramay bugun Norvegiyada Tinchlik uchun Nobel mukofotini topshirish marosimi o’tdi. Unda asosiy qahramon, mukofot sohibi, xitoylik faol Lyu Syaobaoni ko’rmaysiz. Yurtida qamoq jazosini o’tayotgan faolning kursisi bo’sh.

Nobelning 74 yillik tarixida bunaqasi bo’lmagan. Sovrin egasiga topshirilmadi. G’olib, davlatga qarshi isyonda aybdor topilgan 54 yoshli Lyu Syaobao Xitoyda 11 yillik qamoq jazosini o’tamoqda.

Rasmiy Pekin mukofot faolga nasib etganini eshitgani zahoti g’azab otiga mingan. Bu qaror Xitoy hukumati, sha’niga tahdid deya talqin qilinmoqda.

Kommunistik davlat rasmiylari Syaobaoning tarafdorlari, rafiqasini uy qamog’iga mahkum etgan, toki ular marosimga bora olmasin. Ko’pi anchagacha xorijga chiqishi taqiqlab qo’yilgan.

Syaobaoning oilasi yashovchi bino oldida soqchilar. Kelib-ketuvchilar ro’yxatga olib borilmoqda. Har bir burchakda video-kameralar o’rnatilgan. Faollarning aytishicha, bu choralar Xitoy hukumati vahimada ekanidan dalolat beradi.

Nobek qo’mitasi Lyu Syaobaoni Xitoyda inson huquqlari uchun uzoq va mashaqqatli kurashi, bu yo’lda tinch usulni tanlagani uchun mukofotlamoqda. Iste’dodli adib, Lyu yurtida so’z erkinligi va siyosiy islohotlarga da’vat etuvchi manifestni ishlab chiqqan mualliflardan.

Xitoy hukumati Lyuni jinoyatchi deb biladi. Bunday shaxsni Nobel bilan siylash, deydi bu davlat rasmiylari, Xitoyni haqorat qilish, o’zga davlat ichki ishlariga aralashish bilan barobar.

Qudrati oshib borayotgan Xitoy da’vati bilan 17 mamlakat rasmiylari marosimga kelmaslikka qaror qilgan. Rossiya, Pokistom, Eron, Venesuela va Kuba shular jumlasidan. Xitoy AQSh Vakillar Palatasi rezolyutsiyasi, Lyu Syaobaoni ozod etishga chaqiruvchi hujjatni qoralamoqda. Rasmiy Pekin AQShni manmanlikda, boshqa davlatni behurmat qilishda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG