Breaking News

Inson huquqlari AQSh-Xitoy munosabatlarida nozik masala


Inson huquqlari AQSh-Xitoy munosabatlarida nozik masala
Inson huquqlari AQSh-Xitoy munosabatlarida nozik masala

Xitoy prezidenti Xu Tsintao kelasi hafta Vashingtonga tashrif buyuradi. Oq uyda rejalangan muloqotda dolzarb va bahsli masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Jumladan, Amerikaning Tayvanga qurol-yarog’ sotish qarori va shu bois to’xtab qolgan harbiy almashinuv dasturlari, Xitoy pul birligi - yuan qiymati, Eron va Shimoliy Koreya hamda inson huquqlari.

Bular har ikki tomon uchun nozik mavzular. Xususan, inson huquqlari bobida ikki davlat siyosati tubdan farq qiladi.

Xitoyda qamoqqa tushish uchun jinoyatga qo’l urish shart emas. Maslakdoshlarni atrofga to’plab, o’z huquqingizni talab qilsangiz, shuning o’zi kifoya.

Masalan, bolalar ovqati sifatidan shikoyat qilib, ota-onalar guruhini tuzgan bir fuqaro ijtimoiy tinchlikka xavf solganlikda ayblanib, ikki yarim yilga qamalgan. Mahsulot 6 go’dakning hayotiga zomin bo’lgan, 300 ming nafari kasalxonaga tushgan edi.

Xitoyning global iqtisodiyot va siyosatdagi roli va nufuzi oshar ekan, mamlakatda inson huquqlari muammolariga diqqat qaratish tobora qiyinlashmoqda, deydi faollar.

Sofi Richardson, “Human Rights Watch” tashkilotining Osiyo bo’yicha mas’ul xodimining aytishicha, bundan 10 yil ilgari AQSh Kongressi a’zolari Xitoyda qamalgan biror faolni ozod etish uchun chaqiriq va maktublar bilan chiqishi uncha qiyin emas edi. Bugun bu ancha murakkab ish.

“Chunki Xitoy Amerika kompaniyalariga eshikni yopishi, u yerda biznes qilishga cheklovlar qo’yishi, Eron va Shimoliy Koreyaga sanksiya qo’yish masalasida hamkorlikdan bosh tortishi mumkin degan xavotir bor”, - deydi Sofi Richardson.

G’arbda, deydi faollar, jamiyat taraqqiy etgan sari inson erkinliklari ham yaxshiroq himoya qilinadi, degan xato tushuncha mavjud.

“Hozirgi Xitoyni 20-30 yil oldingi ahvol bilan solishtirib bo’lmaydi, albatta. Ijobiy o’zgarish bor. Lekin fuqaro hukumat chizgan chiziqdan nariga o’tish mumkin emasligini ham biladi”, - deydi “Human Rights Watch” vakili.

SPIDga qarshi kurashuvchi faol Van Yanxay o’tgan yili vatanini etishga majbur bo’lgan. Uning aytishicha, Xitoy rahbariyati ham xato tasavvur va tushunchalardan xoli emas.

Yanxay Xitoyda siyosiy o’zgarishlar da’vat etgan Lyu Syaoboning taqdiriga e’tibor qaratadi. Lyu Syaobo, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati, 11 yillik qamoq jazosini o’tamoqda. Nobel mukofotini qabul qilish uchun na u, na oila a’zolari Norvegiyaga bora oldi.

“Lyu siyosiy dissident bo’lgani bilan, mo’tadil, zo’ravonlikka qarshi odam. Kommunistik Partiyaga g’arazi yo’q. Shunga qaramasdan uni qamashdi”, - deydi Van Yanxay.

Rasmiy Pekin nazarida Lyu Syaobo jinoyatchi, uni himoya qilayotgan AQSh va boshqa davlatlar esa mamlakatning ichki ishlariga burun suqyapti.

AQSh senatori Jon Kerri fikricha, Xitoy rahbariyatiga bunday hulq-atvor davlat obro’sini putur yetkazishini uqtirish kerak.

“Har holda, bir narsani aniq anglab yetish lozim: Xitoy Amerikaga, Amerika esa Xitoyga kerak. Bir-birimizga tayanamiz”, - deydi qonunchi.

Inson huquqlari masalasi Oq uydagi uchrashuvlarda ko’tariladi, deydi rasmiylar. Huquq himoyachilari bundan biror naf chiqishiga ishonmaydi.

XS
SM
MD
LG