Breaking News

Xitoy terrorga qarshi kurashni qonunga tushirish ustida o'ylanmoqda


Police stand guard at a crime scene after a knifing incident in Changsha, Hunan province, March 14, 2014. At least three people are dead after the knifing incident in central China's Changsha city, state media reported on Friday, in what appeared to be a
Police stand guard at a crime scene after a knifing incident in Changsha, Hunan province, March 14, 2014. At least three people are dead after the knifing incident in central China's Changsha city, state media reported on Friday, in what appeared to be a
Oy boshida Xitoyning Kunmin shahridagi qonli xuruj terrorga qarshi kurash haqidagi qonun zarurati atrofida munozaralarni avj oldirdi. Rasmiylarga ko’ra, temiryo’l vokzalidagi voqea ortida Shinjon viloyatidan chiqqan terrorchilar turibdi. Deputatlar bu tahdidga qarshi kurashish uchun zarur qonun va vositalar yo’q, demoqda.

Kunminda bir necha kishi vokzalda yo’lovchilarga xanjar bilan betartib hujum qilishi oqibatida 29 odam o’lgan, 143 nafari jarohat oldi. Hukumat bu ishda uyg’urlarni aybladi. Rasmiylarga ko’ra, ular yashovchi Shinjon viloyati terrorchilar iniga aylangan.

Xalq noiblari Pekinda yillik majlisga to’planib, terrorga qarshi qonun qabul qilish zarurati haqida gapirdi.

Jao Bingsi Pekin universitetida huquqshunoslik fakulteti dekani. Uning aytishicha, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatining so’nggi xuruji terrorizm Xitoy jamiyatida o’rnashganidan dalolat.

"Xitoy rivojlangan davlatlar tajribasini ishga solib, terrorga qarshi keng qamrovli, sistematik va maxsuslashgan qonun qabul qilishi lozim", - deydi Jao.

Unga ko’ra, AQShda 2001-yil 11-sentabrida ro’y bergan xurujlardan beri dunyoda terrorizm xavfi kuchaygan. Uning oldini olish uchun yangi qonun qabul qilib, hukumatning tergov qilish vakolatlarini oshirish kerak, deydi olim.

Diniy ekstremizm, separatizm va terrorchilik Xitoyda mamlakat barqarorligiga tahdid solayotgan uch zulm hisoblanadi. Va bularning barchasini Shinjonda ko’rish mumkin.

Gonkong universiteti professori Garri Sautmen Xitoyning millatlar bo’yicha siyosatini o’rganadi.

"Xitoy ayrim mamlakatlar yo’lidan ketmoqchi. Lekin bu bilan shu kungacha Xitoyda terrorizmda ayblangan odamlarni jazolash mexanizmi yo’q deb bo’lmaydi", - deydi Sautmen.

Buning uchun Xitoy jinoiy kodeksidagi ayrim moddalarni ishga soladi. Ayblov turiga qarab jazo turi ham o’zgardi. 2001-yildan beri kodeksga qator tuzatishlar, jumladan terrorizmni moliyalaganlar uchun jazo choralari kiritildi, terror xurujiga qo’l urganlar uchun esa kuchaytirildi.

Zo’ravonlikka qo’l urganlarga qotillik, yong’in, mulkka zarar keltirganlik uchun belgilanadigan jazo choralari qo’llanadi. Uyg’ur olimi Ilhom To’xti kabi hukumatning Shinjondagi siyosatini tanqid qilganlarga esa bo’lginchilik ayblovi qo’yiladi.

"Aslida Xitoy hukumatiga terror xurujlariga qarshi kurashish uchun yangi qonunlar kerak emas. Pekin, shunchalik, boshqa mamlakatlar kabi terrorga qarshi urush olib borayotganini ko’rsatmoqchi, xolos", - deydi professor Sautmen.

Urumchi shahrida 2009-yilda etnik mojaro yuz berganidan beri zo’ravonliklar tez-tez sodir bo’lib turadi. O’tgan yili o’nlab qonli voqea kuzatilgan.

Kunmin temiryo’l poyezdidagi hujum va oktabr oyida Tiananmen maydonidagi voqea zo’ravonliklar va noroziliklar Shinjon hududidan boshqa joylarga ham tarqala boshlaganidan dalolat.

Britaniyadagi Qirollik instituti tahlilchisi Raffaello Pantuchchining aytishicha, Xitoy hukumati ijtimoiy barqarorlikni ushlab turish, terrorizmning oldini olish uchun qo’shimcha chora ko’rishga majbur.

Pekin xorijdagi terror guruhlari Xitoyni bo’lib qo’yishda mahalliy terrorchilarga yordam bermoqda deya da’vo qiladi.

Xorijdagi uyg’ur tashkilotlari bu da’volarni inkor etib, Xitoy hukumatini bu xalq vakillariga qarshi zug’umda ayblaydi. Zo’ravonliklarga qo’l urayotganlarning maqsadi separatizm emas, deydi ular. Uyg’urlar dini va madaniyatiga nisbatan bosim va cheklovga qarshi shu tariqa norozilik bildirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG