Breaking News

Xitoyning AQSh shou-biznesi va sportiga ta'siri qanday?


Joriy yilda Xitoy kommunistik tuzumning 70 yilligini nishonlar ekan, AQSh bilan savdo masalalari bo’yicha ziddiyatlar, Gonkongdagi namoyishlar Pekinning jig’iga tegmoqda. Xitoy siyosatini yaqindan kuzatayotgan odamlar Xitoy va AQShdagi basketbol jamoasi murabbiyi o’rtasida yuzaga kelgan mashmashaga ajablanmaydi. Biroq Pekinning keskin javobi Xitoyning AQSh shou-biznesiga ta’siri aslida qanday degan savol tug’dirmoqda.

AQSh Milliy basketbol uyushmasi musobaqalarida qatnashayotgan “Xyuston Rokets” jamoasi murabbiyi ijtimoiy tarmoqlarda Gonkongdagi namoyishlarni qo’llab-quvvatlashi ketidan Xitoy NBA bilan aloqani uzib, mamlakat bo’ylab uyushma logotiplarini olib tashladi, mahalliy kompaniyalar homiylikni to’xtatdi.

"Aholisi soni bo’yicha dunyoda eng katta mamlakat bo’lgani uchun Xitoy katta iqtisodiy qudratga ega. Xitoy bozoriga kirishdan oldin kompaniyalar yaxshilab o’ylab ko’rishi kerak”, - deydi Kaliforniyada asoslangan iqtisodiy tahlil markazi bo’lmish Milken Institutidan Kevin Klauden.

“Xyuston Rokets” bosh murabbiyi ijtimoiy tarmoqdagi izohi uchun uzr so’rab, NBA muxlislari yoki Xitoydagi do’stlarini ranjitishni istamaganini aytdi.

NBA esa so’z erkinligiga ishora qildi.

“So’z erkinligini qo’llab-quvvatlash NBAning uzoq yillik qadriyatidir. “Xyuston Rokets” murabbiyi Deril Mori esa xodimimiz sifatida ana shunday huquqqa ega”, - dedi NBA komissari Adam Silver.

NBA ham, Gollivud ham muvozanatni ushlashga majbur. Biroq ayrimlar nazarida, Gollivud Xitoy mavzusida kinolar ishlab chiqarayotganda ancha ehtiyotkor siyosat olib bormoqda; ayrim mavzularni chetlab o’tib, Xitoyni ijobiy ranglarda ko’rsatishga harakat qilmoqda.

“Xitoy uning suvereniteti va muhim manfaatlariga aloqador mavzularga jiddiy qaraydi. Tibet, Tayvan va Tyananmen voqealari shular jumlasidan. Janubiy Xitoy dengizi ham suverenitetga aloqador masala. Ayrimlar nazarida, Xitoy o’ziga manzur bo’lmagan mavzularning yortilishini istamaydi”, - deydi Janubiy Kaliforniya universitetining xalqaro aloqalar professori Stenli Rouzen.

“Xaridoringizni ranjitishni istamaysiz, albatta. Ammo gaplaringizni Xitoy hukumati g’oyalari va bosimi ta’sirida aytish ham to’g’ri emas”, - deydi ushbu universitetning AQSh-Xitoy siyosati instituti direktori Kleyton Dyub.

AQShda kattalar uchun namoyish etiladigan mashhur “Janubiy Park” multfilmida Xitoyni ranjitmaslik maqsadida shou-biznes sohasida yuzaga kelgan o’z-o’zini senzura qilish amaliyoti ko’rsatiladi.

Shundan so’ng multfilm Xitoyda man qilindi. Bunday siyosat Xitoyning o’ziga ham zarar, deydi professor Rouzn.

“Buning natijasida dunyoning har joyida Xitoy obro’siga putur yetyapti. Xitoyga e’tibor qaratishyapti”, - deydi u.

Ayniqsa Xitoyning AQSh kompaniyalariga ta’siri va Gonkongdagi namoyishlarga.

“Ko’plarning Gonkongdan xabari yo’q, u yerdagi voqealarga e’tibor bergan ham emas. Ammo NBA bilan bog’liq so’nggi voqeadan so’ng e’tibor berishni boshlashdi. Xabarlarni kuzatgan sari odamlarda Gonkongdagi namoyishlarga xayrixohlik kuchayib boradi”, - deydi siyosatshunos olim.

Ekspertlarning aytishicha, Xitoy nafaqat fuqarolari orasidagi muloqotni nazorat qilishga, balki tashqi dunyodan kelayotgan salbiy izohlarga to’siq qo’yishga ham intilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG