Tramp: "Yagona Xitoy" siyosatini hurmat qilamiz

  • Amerika Ovozi

Tayvan rahbari Tsai Ing-ven, Amerika Prezidenti Donald Tramp, Xitoy yetakchisi Si Zinpin

Amerika rahbari Donald Tramp Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan telefonda suhbatlashgan. U "Yagona Xitoy" siyosatini hurmat qilishini aytgan, ya'ni Tayvan Xitoyning tarkibiy qismi ekanini tan olgan.

Oq uyning bildirishicha, ikki rahbar juda do'stona suhbat qurgan va bir-birini yurtiga taklif qilgan. Tramp avvalroq, saylovda g'alaba qilgani ortidan Tayvan prezidenti bilan telefon muloqoti uchun tanqid qilingan edi.

Vashington 1979-yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni to'xtatib, Xitoyga e'tiborni oshirganidan beri AQShning biror rahbari Tayvan yetakchisi bilan bunday muloqotga chiqmagan. Shu bilan birga, Amerika Tayvanni norasmiy tarzda qo'llab-quvvatlab keldi.

1979-yilgi qo'shma bayonotda Amerika Tayvan Xitoyning bir qismi ekanini tan olgan.

Xitoy matbuotining yozishicha, Tramp tajribasizlik qilib, Tayvan prezidenti bilan gaplashgan. Biroq Xitoyni behurmat qilib, Vashington Pekin bilan rishtalarni barbod qilishi mumkin, deya ogohlantiradi Xitoy.

Tramp tanqidlarga javoban "Twitter" tarmog'ida shunday yozadi:

"Amerika Tayvanga milliardlab dollarlik harbiy aslaha sotadiyu, bu o'lka rahbari meni tabriklab qo'ng'iroq qilsa, nega javob berishim mumkin emas?" - deya so'raydi u.

Xitoy e'tiroziga qaramay, Obama ma'muriyati bir yil oldin Tayvanga 1,83 milliard dollarlik mudofaa aslahasi, jumladan, jangovar kemalar va havo hujumidan himoya vositalari sotishga ruxsat bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG