Breaking News

Janubiy Xitoy dengizidagi neft va gaz kimniki?


Taiping oroli, Janubiy Xitoy dengizi
Taiping oroli, Janubiy Xitoy dengizi

Janubiy Xitoy dengizi bugun xalqaro maydonda ko’p tilga olinadigan hudud. Neft va tabiiy gaz zaxiralari qidirilmoqda va shu bois ham bir necha mamlakat orasida talash.

Tayvandan Singapurgacha cho’zilgan va uch yarim million kvadrat kilometrni qoplovchi dengizda arzigulik biror manba topilmadi. Vaholanki, bu suvlar tubida bitmas-tuganmas xazina bor deb 1970-yillardan beri bong urib kelishadi.

Tahlilchilar mojaro ortida hududiy yaxlitlik turibdi deydi. Bruney, Xitoy, Malayziya va Vyetnam, shuningdek, Filippin uchun suverenitet hamma narsadan ustun.

“Janubiy Xitoy dengizi Saudiya Arabistoni, Iroq yoki Yaqin Sharqning boshqa bir qismi emas”, - deydi Fabritsio Bozzato, Tayvandagi Tamkang universiteti professori.

“Asosiy maqsad neft va gaz zaxiralarini topish emas, balki ularni qidirayotganini bahona qilib, o’z hududini belgilashdir, ya’ni chegaralar qayerda ekanini da’vo qilish”.

Yaqingacha Manila va Pekin orasida bu borada nizo kuchli edi. Oxirgi oylarda tomonlar iliq muloqotda. Tayvan va Xitoy esa achchiq so’zlar almashishda davom etmoqda.

Janubiy Xitoy dengizi bir necha mamlakat orasida talash
Janubiy Xitoy dengizi bir necha mamlakat orasida talash

Vyetnam ham Pekindan tobora norozi. Xitoy Janubiy Xitoy dengiziga xo’jayin emas, deydi bu davlat rasmiylari, lekin o’zini shunday tutadi.

Tomonlar gaz va neftni birga qidirishi kerak, degan chaqiriqlarga javob salbiy.

“Dengizdagi chegaralar ustidan kelisholmayotgan davlatlar neft va gaz yuzasidan til topisha olarmidi”? – deya ajablanadi Karl Beyker, amerikalik osiyoshunos olim.

“Avvalo Xitoy bunga ko’nmaydi. Filippin va Vyetnam siyosiy va biznes doiralari ham bunga hech qachon yo’l qo’ymaydi”, - deya qo’shadi mutaxassis.

Filippin neft va gaz zaxiralarini 40 yil oldin izlay boshlagan. 1984-yilda Palavan orolida qora oltin manbasi topildi. Bu zaxira mamlakatning neftga bo’lgan talabining 15 foizini qondirib keladi.

AQSh Energetika axborot agentligiga ko’ra, Janubiy Xitoy dengizi ostida 11 milliard barrel neft va 190 trillion kubometr tabiiy gaz bo’lishi mumkin. Uning asosiy qismi Janubi-sharqiy Osiyo tomonida.

Saudiya Arabistonida 268 milliard barrel neft zaxirasi bo’lsa, Iroqda 144 milliard barrel mavjud. Tabiiy gazga kelganda, eng boy mamlakat – Rossiya. 5085 trillion kubometr zaxiraga ega.

Qora oltin bahosi hozir tushib ketgan. Buning ustida dengiz ostidan boylik qazish bag’oyat qimmat ish. Shunday ekan, tabiiy resurslar ulkan sarmoya va mehnat talab qiladi.

Malayziya o’zining Janubiy Xitoy dengizi qismidan eng ko’p energetik boylik topgan davlat - 5 milliard barrel neft va 80 trillion kubometr tabiiy gaz - biroq uni o’zlashtirish juda sekin kechmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG