Breaking News

Moskvada MDH Tashqi ishlar vazirlari uchrashmoqda


Moskvada o'zaro ziddiyatlari kuchayib borayotgan Mustaqil davlatlar hamdostligi (MDH) a'zolari muzokaraga yig'ildi. Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi bu uchrashuvda O'zbekiston tomonidan Abdulaziz Komilov qatnashmoqda. Moskva anjumani Armaniston-Ozarbayjon o'rtasidagi harbiy to'qnashuvlar, O'zbekiston-Qirg'iziston munosabatidagi tarangliklar ortidan o'tmoqda.

Sobiq ittifoqning 11 davlatini o'z doirasida saqlab qolayotgan MDH hozirgacha hamdo'stlik hududidagi biror inqirozli vaziyatlarda o'zini ko'rsatmadi.

Ozarbayjon Tashi ishlar vaziri so'nggi kunlarga kelibgina MDH anjumanidagi ishtirokini tasdiqlagan. Muzokaralarda Tog'li Qorabog'dagi to'qnashuvlar yuzasidan biror muhim bayonot bo'lishi qiyin, chunki tashkilot hozirgacha ziddiyatga munosabat bildirmadi. MDH doirasida Rossiya manfaatlariga zid bayonotlar bo'lishi kutilmaydi.

Inqirozli mojarolar bo'yicha muzokaralar va qarorlar chiqarish Rossiya vakolatidagi masala bo'lib qolmoqda. Sobiq ittifoq davlatlari buni yaxshi bilishadi va ularning MDHga nisbatan munosabatlari ham shunga muvofiq, jumladan, rasmiy Toshkentning ham.

MDH yig'ini arafasida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi hududiy bahslar ancha murakkablashgan. Chegaradagi ziddiyat ortidan Qirg'iziston hukumati Issiqko'ldagi O'zbekiston foydalanib kelgan mulk - to'rtta pansionatni milliylashtirish haqida qaror chiqardi.

Bu qaror ortidan chegaradagi yana bir hudud Ungurtog' masalasi qayta ziddiyatlashdi. Qirg'iziston kelishuvlarga ko'ra O'zbekistonga o'tgani tasdiqlangan Ungurtog' bilan bog'liq masalani qayta ko'tarmoqchi. Mamlakat parlamenti bu borada yopiq muhokama o'tkazgan. Har ikki davlatning telefon signallari, radioto'lqin stansiyalari joylashgan bu tepalik o'ta muhim joy sifatida ko'riladi.

Hozircha bu bahsli hududlar yuzasidan O'zbekiston tomoni biror munosabat bildirmagan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek yozuvchisi Safar Bekjonning aytishicha, rasmiy Toshkent ziddiyat yuzasidan faqat Bishkek bilan emas, Moskva bilan ham muzokara yuritishga majburligini yaxshi biladi.

“Qirg'izistonning o'zi bilan O'zbekiston til topishishi mumkin edi, lekin bu mamlakatdagi siyosiy jarayonlar bevosita Rossiya ishtrokida tashkillashtirilmoqda. Qirg'iziston Rusiyaning bir viloyatiga o'xshab qolayapti. Uning ta'siri juda katta, harbiy, iqtisodiy va siyosiy hokimiyat tayinlanishida ham”, - deydi Safar Bekjon.

MDH yig'inida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi hududiy bahs muhokama qilinishi kutilmayapti, ammo Islom Karimovning Moskvaga kutilayotgan safari arafasida tobora taranglashib borayotgan bu masala Moskva va Toshkent muzokaralarida tilga olinishi mumkin.

Mintaqaning nisbatan zaif davlatlari bo'lgan Tojikiston va Qirg'iziston O'zbekiston bilan ziddiyatlarda, asosan, Moskva ko'magiga suyanadi. Har ikki davlatda Rossiyaning harbiy bazalari joylashgan.

Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev Bishkek Rossiyaning Gazpromi tufayli O'zbekistonga gaz bo'yicha qaramlikdan xalos bo'lganini va boshqa masalalarda ham Toshkentning bosim dastaklaridan to'la qutulganini ta'kidlab keladi.

Safar Bekjonga ko'ra, Bishkekning Moskvaga suyanib qolishida rasmiy Toshkent olib borayotgan siyosat, mamlakatdagi avtoritar boshqaruvning aybi bor.

“Qirg'iziston aholisi jihatidan O'zbekistonning kattaroq viloyati bilan teng, lekin O'zbekiston bu mamlakatni qo'llab-quvvatlay olmadi, iqtisodiy jihatdan, boshqa tomonlardan ham. Aksincha, o'zining qattiq siyosati bilan uni Rossiyaga berib qo'ydi. O'zbekistonda boshidan qattiq, avtoritar rejim o'rnatilishi nisbatan kichik qo'shni davlatlar uchun tahlika uyg'otdi. Ular bizga kuch ishlatishi mumkin degan xavotirda o'ziga himoyachi izlay boshlaydi, shu himoyani Rossiyadan topishdi. Rossiya esa bu vaziyatdan unumli foydalandi”, - deydi Bekjon.

25-26-aprel kunlari Prezident Karimov Rossiyaga rasmiy safar qiladi. Karimov Putin bilan siyosiy aloqalar, mintaqadagi vaziyat, harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG