Breaking News

Karimov Rossiyada mehnat muhojirlari masalasini ochiq muhokama qiladimi?


O'zbekiston rahbari Islom Karimov shu oy oxirlarida Rossiyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Iqtisodiy va harbiy sohadagi hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat muhokama qilinadi. Mehnat muhojirlari masalasi ko’tarilishi mumkin, lekin faqat yopiq eshiklar ortida.

Karimov Moskvaga otlanmoqda, nima haqda gaplashadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:42 0:00

Safar 25-26 aprel kunlariga belgilangan. Rossiya axborot manbalariga ko’ra, Karimov Moskvaga borganida O’zbekiston armiyasini Rossiya harbiy texnikasi hisobiga yangilash, modernizatsiya qilish shartlarini gaplashishi mumkin.

Safar arafasida tomonlar sovet davriga doir o’zaro da’volardan voz kechishga qaror qildi. Rossiya Dumasida tasdiqlangan hujjat O’zbekistonning 900 million dollarlik qarzidan kechishni nazarda tutadi.

Karimov va Vladimir Putin oxirgi bor o’tgan yilning yozida Ufa shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ko'rishgan edi.

Ayni damda bu tashkilotga O’zbekiston rais. Karimov fikricha, bu organ boshqa qudratli davlatar hisobiga kengayayotgani xavotirli masala va bu borada puxta o’ylab ish tutish lozim.

Toshkent va Moskva o’rtasidagi munosabatlar Rossiyaning Markaziy Osiyoni boshqa davlatlari bilan aloqalariga nisbatlaganda ancha sovuq ko’rinadi.

O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini tark etgan. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga ham kirish niyatida emas. Sobiq ittifoq davlatlarini birlashtirib turgan MDH ham Karimov tanqidlaridan xoli emas.

MDHning Qozog’istonda o’tgan so’nggi sammitida prezidentlar 2020-yilgacha mo’ljallangan harbiy hamkorlik bo’yicha shartnoma imzolashgan edi.

Harbiy hamkorlik va tashkilot a’zolarining chegaralarni himoyalash konsepsiyasi deb atalgan bu hujjat inqirozli holatlarni bartaraf etishda hamkorlikni nazarda tutadi.

Karimov nazarida sobiq ittifoq hududida yangi tashkilotlar paydo bo’lishi bilan MDH yig’inlarining kun tartibi reallikdan uzoqlashgan va dolzarbligini yo’qotgan.

Kreml doirasidagi ekspertlar esa Karimovning bu qarashlarini Toshkent Moskvadan uzoqlashib, G’arbga og’moqda deya talqin qilishadi. Ayniqsa, Samarqandda AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida yangi formatdagi C+5 munosabatlari o’rnatilishi, Amerika Davlat kotibi Jon Kerrining mintaqa bo’ylab safaridan keyin G’arb mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarida O’zbekistonga tayanmoqda, degan fikr keng qanot yozdi.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir bu ajablanarli hol emas, deydi. Tashqi siyosatda tobora agressivlashib borayotgan Rossiyadan masofalanish O’zbekistonning ham, G’rabning ham maqsadlariga javob beradi.

“AQShning mintaqadagi maqsadi - xavfsizlikni saqlash va ta’minlash. Shu ma’noda O’zbekiston mintaqaning demografik va nufuz jihatdan eng katta davlati ekanligi uchun ham muhim. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan olganda, O’zbekiston Rossiya loyihalarida qatnashmaydi, Rossiya ta’siri ostida emas. Bu nafaqat AQSh balki mintaqadagi boshqa geosiyosiy kuchlar uchun ham ma’qul”, - deydi u.

Rossiyada O’zbekistondan bir necha million mehnat muhojiri bor. O’tgan oylarda o’nlab migrant ishchilar diniy ekstremizmda ayblanib hibsga olingan. Ayrimlari hech bir so’roqsiz O’zbekistonga deportatsiya qilingan. Rossiyada noqonuniy muhojirlarni tutib, vataniga badarg’a qilish harakati avjida.

Bu nozik masala rasmiy muzokaralarda deyarli tilga olinmaydi.

Rossiyada ishlab kelayotgan o’zbekistonlik, Moskvada huquq himoyachisi sifatida tanilgan Bahrom Hamroyev deydiki, mehnat muhojirlari o’z hukumatlaridan najot kutmaydi, chunki bilishadiki, baribir foyda yo’q. Ularning asosiy xavotiri – O’zbekiston hukumati ularni majburan ortga qaytarib olishi. Bunday kunga tushgan vatandoshlar ko’p ekani hammaga ma’lum.

“O’zbekiston hukumati avval pasportni muammo qildi. Maqsad pasportni yangilash emas, shu bahonada Rossiyadagi o’zbeklarni qaytarish edi. Lekin pasport masalasi kutilganidek ish bermadi. Keyin Rossiyadagi o’zbeklarni ekstremizmda ayblab qamashni boshlashdi. Mana yaqinda yana o’ndan oshiq o’zbek Suriyaga ketish uchun soxta hujjatlar yasashda ayblanib qamaldi. Bu ish ortida O’zbekiston hukumati turgani ko’pchilikka ma’lum. Mana Gulchehra Boboqulovaning qotilligi haqida ham turli taxminlar chiqayapti, maxsus xizmatlar o’rtaga tushgani aytilmoqda. Bularning ortida muhojirlikdagi o’zbeklarni yomon ko’rsatish, ularni vataniga qaytarishga majbur qilish harakati turibdi”, - deydi Hamroyev.

Samarqandlik Boboqulova yaqingacha Moskvada bola boqib tirikchilik qilgan. Bir qizni vahshiylarcha o’ldirganlikda ayblanmoqda. Hozirda ruhiy kasalxonada ekani aytiladi. Sudyaga ham u ruhan nosog’lom inson sifatida tanishtirilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG