Breaking News

Hillari Klintonning shaxsiy va siyosiy hayotiga nazar


Hillari Klintonning hayot yo'li
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:55 0:00

Hillari Klinton uzoq davom etgan saylov kampaniyasidan so’ng nihoyat AQSh prezidentligi uchun Demokratlar partiyasining rasman nomzodi bo’ldi. Agar u noyabrdagi saylovda g’alaba qozonsa, birinchi xonimlik, senatorlik va davlat kotibi lavozimlaridan AQSh tarixidagi birinchi ayol prezident maqomigacha ko’tariladi. Ashaddiy muxlis va ayni paytda tanqidchilarga ega bu ayol hayotiga yaqindan nazar tashlaymiz.

Hillari Klinton 2008-yilda ham prezidentlik uchun nomzod bo’lishga juda yaqin kelgan edi, ammo senator Barak Obamaga imkoniyatni boy berdi.

U o’sha paytdagi nutqida ayollar oldida ko’plab to’g’anoqlarni yengib o’tib, partiya saylovlarida 18 million ovoz yig’ganini aytgan edi.

“Bu safar eng yuqori to’siqni yengib o’ta olmagan bo’lsak ham, bu to’siqqa 18 millionta darz soldik. Bu tirqishlardan ilgari ko’rilmagan nur taralmoqda. Bu esa barchamizga umid berib, kelasi safar osonroq bo’lishini anglatadi”, - degan edi o’shanda Hillari Klinton.

Oradan sakkiz yil o’tib Klinton nomzodlikni qo’lga kiritdi va endi prezident bo’lishga yaqin turibdi.

Chikago tevaragida o’rtahol oilada ulg’aygan Klintonning otasi respublikachi bo’lgan. Lekin demokrat onasidan ilhomlanib siyosatga qadam qo’ygan. Onasi Dorosi Rodam qiyinchiliklar bilan ulg’aygan ayol edi.

“Uni sakkiz yoshida ota-onasi tashlab ketgan. Bobosi va buvisi bilan yashashi uchun Chikagodan Los-Anjelesga jo’natishgan. Ammo odamlar unga mehr ko’rsatdi. Pulsiz ekanini bilib, o’qituvchisi uyidan ortiqcha ovqat olib kelardi. Dorosi, bugun ko’p ovqat olib kelibman, derdi”, - deya xotirlaydi Kinton.

Hillari yoshligida respublikachi bo’lgan. Vellesli kollejida o’qiyotganida siyosatda faol ishtirok etishni boshladi. 1969-yil o’quv yilining ochilish marosimida nutq so’zladi.

U Yel universiteti huquqshunoslik maktabida o’qib yurgan paytlarida progressiv demokratga aylandi. Kutubxonada bo’lajak turmush o’rtog’i Bil Klintonni uchratdi. Ular 1975-yil turmush qurishdi. Birga Arkanzasga ko’chib kelishdi. 1978-yil Bil Klinton shu shtatning gubernatori etib saylandi.

Klintonlarning qizi Chelsi Arkanzasda tug’ilgan. Jurnalist Jo Fornier ular hayotini shu davrdan boshlab kuzatib keladi. U Oq uyda ham Klintonlar oilasiga yaqin bo’ldi. Jurnalistning aytishicha, Bildan ham ko’ra, Klinton aqlliroq va ajoyib inson.

“Bil Klinton hazillashishga usta, Hillari ayni paytda quvnoq. O’zini past ko’rsatuvchi yumor, bu kulgi ko’plab odamlarni unga rom qilgan. Men buni shaxsan juda ta’sirchan deb bilaman. Chunki u samimiy va haqqoniy. Odamga tez ta’sir qiladi”, - deydi Fornier.

Blin Klinton davrida Oq uy so’zlovchisi bo’lgan Bob Veynerga ko’ra, Hillari Bil Klinton va Barak Obamaga qaraganda muammolarni tez anglab, tez yechim topadi, ammo bir narsada kamchiligi bor.

“Odamlarni tez o’ziga jalb qila olmasligini biladi. Lekin u aqlli va ulkan boshqaruv mahoratiga ega”, - deydi u.

Bil Klinton 1992-yil prezident etib saylanganda, bir joyga ikkita prezident bilan kelganini aytib hazillashgan edi. Hillari Oq uyda yashayotgan paytda ham siyosiy hayotda faol bo’ldi. Barchani qamrab oluvchi sog’liqqa oid islohotni o’tkazishga qattiq urindi, ammo uddasidan chiqa olmadi.

Bil Klintonning Monika Levinski bilan ishqiy mojarolari fosh bo’lgach, uni hatto prezidentlikdan ketkazishga urinishdi.

Ron Fornierga ko’ra, bu hodisalardan Hillari Klinton ancha ezildi.

“U ko’p narsani boshdan kechirdi va shunga yarasha o’zgardi. U yuzlashgan hujumlardan ko’p chandiqlar asorat bo’lib qoldi. Ayrimlari mutlaqo adolatsiz edi”, - deydi u.

Klintonga yaqin Bob Veynerning aytishicha, Bil va Hillari og’ir kunlarni boshdan kechirdi, lekin oilalari saqlanib qoldi.

“Ular oilaviy muammolarini o’zaro hal qilishga urinishdi. O’sha paytlar ularni ko’rganman, birga bo’lganman. Ular bir-birini sevadi”, - deydi Veyner.

Hillari ancha irodali chiqdi. U qiyinchiliklarni yengib, o’z siyosiy karyerasini boshladi. 2000-yil Nyu-Yorkdan senator etib saylandi. 2006-yil yana qayta saylangan bo’lsa, 2008-yil Obama uni davlat kotibi qilib oldi.

U 112 davlatga tashrif buyurib, o’z lavozimi va vakolati doirasida ayollar haq-huquqini himoya qilishga urindi.

Mishel Obama demokratlar qurultoyidagi nutqida Hillari Klintonni erishgan muvaffaqiyatlari uchun olqishladi.

“Ko’plab vaqtlar bo’ldi, Hillari bu juda qiyin ish ekan, deb tashlab ketishi mumkin edi. Xalqqa xizmat qilishning badali juda og’ir. Uning qanday ko’rinishi, gapirishi va hatto kulishini ajratib ko’rsatishlaridan charchadi. Hillarida men eng ko’p qadrlaydigan narsa shuki, u bosimlar ostida hech qachon ortga chekinmaydi. Hech qachon oson yo’lni tanlamaydi. Hillari hayotida aslo biror narsani tashlab ketgan emas”, - deydi Mishel Obama.

Hillari Klinton endi prezidentlik uchun milliarder nomzod Donald Trampga qarshi kurashmoqda.

So’rovlarga ko’ra, poyga keskin kechadi. Klintonning hayot yo’liga qaraydigan bo’lsak, u oxirigacha qattiq kurashadi. Natijani esa 8-noyabr kuni ko’ramiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG