Kongress va Silikon vodiysi saylov buzg'unchilariga qarshi kurashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Xorijiy davlatlarning Amerika ijtimoiy sahifalari orqali AQShdagi saylov kampaniyasiga aralashishiga qarshi kurashishga va’da bergan “Facebook”, “Google” va “Twitter” rahbarlari Kongress bilan bu borada hamkorlik qilishga kelishdi.

Kaliforniyalik kongressmen ayol Anna Eshu Quyi palatada Silikon vodiysi manfaatlarini himoya qiladi. “Amerika Ovozi” qonunchi bilan shu mavzuda suhbatlashdi.

Senatda o'tgan tinglovda qonunchi Ron Vayden ijtimoiy sahifalar rahbarlaridan "sahifangiz 2016-yilgi saylov paytida tashqi aralashuvga qarshi samarali kurashdimi” deb so'radi.

“Yaxshiroq ishlashimiz mumkin edi”, - deb javob berdi “Google” vitse-prezidenti Kent Uoker.

“Ishimizdan qoniqmadik”, - dedi “Twitter” vakili Shon Ejet.

“Biz ham shunday fikrda”, - dedi “Facebook” vitse-prezidenti Kolin Strech.

Deputatlar qonunchilikdagi kamchiliklardan norozi.

“Chet elliklarning siyosiy reklamani rublga sotib olishi aql bovar qilmaydi”, - deydi demokrat kongressmen Terri Syuvel.

Kongress bunga qarshi qanday chora ko’rishi hozircha aniq emas. Ijtimoiy sahifalarning keyingi qadami ham noma’lum.

“Silikon vodiysida o’zgarishlarni yaxshi qabul qilishadi. Axir ularning ishiga doim halaqit berishadi. Odamlar tavakkal qilishga o’rgangan”, - deydi demokrat Anna Eshu.

Bu qonunchi Kaliforniyaning texnologik yangiliklar bilan tanilgan hududida ishlaydi, siyosiy reklamada shaffoflikni targ’ib qiladi.

“Agar fuqarolar reklamaga pul qayerdan kelganini bilsa, o’zgacha fikrlay boshlaydi. Albatta, amerikaliklarning ba’zilari odamlarni bo’lib qo’yuvchi reklamalarni yoqtirishi mumkin. Shunda ham buyurtmachi kim ekanini bilishsa, munozara ochiqroq, oydinroq bo’ladi”, - deydi u.

Kongressga “Haqqoniy reklama” deb nomlangan qonun loyihasi kiritildi.

“Amerikaliklar internetdagi reklama uchun kim to’layotganini bilishga haqli. Ruslar saylovlarimizga aralashmagan bo’lsa ham qonunlarni yangilab turish kerak. Qonunlarimiz bizni o’ynatmoqchi bo’lganlar kabi mukammal bo’lishi zarur”, - deydi demokrat-senator Eymi Klobuchar.

Ijtimoiy sahifalar rahbarlari yangi qonun loyihasidan xursand emas, platformalarini o’zlari nazorat qilmoqchi. Ba’zilar nazarida, hujjat ijtimoiy sahifalar yuzlashayotgan ba’zi muammolarni hal qilishi mumkin, xolos.

“Kattaroq muammo shuki, ruslar va boshqalar ataylab yolg’on axborot, soxta yangiliklar tarqatuvchi saytlar yaratmoqda va ularning ortida ruslar turganini bilmaysiz ham”, - deydi Jorjtaun universitetidan Mark Jekobson.

Kongressmen ayol Anna Eshuning aytishicha, ko’rilayotgan choralarga qaramay, saylovga aralashishlar to’xtamaydi.

“Ular bu ishda davom etaveradi. Bunga shubham yo’q. Konstitutsiyamizni buzmagan holda po’lat kabi qattiqroq harakat qilishimiz kerak, toki raqiblarimiz bu ishining oqibati yomon bo’lishini anglasin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG