Breaking News

Trampga qarshi impichment boshlash mavridimi hozir?


Donald Tramp

AQSh Kongressida demokrat qonunchilar ko’pchilikni tashkil etgan Vakillar palatasi Prezident Trampning biznes imperiyasi va 2016-yilgi prezident saylovlari kampaniyasi paytida Rossiya bilan ehtimoliy aloqalarini tergov qilishga kirishdi.

Trampga qarshi impichment boshlash mavridimi hozir?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00

Trampga bosim oshmoqda, ba’zilar impichment haqida balandroq gapirmoqda, ammo palata spikeri Nensi Pelosi partiyadoshlarini bunday da’vatlardan o’zini tiyishga chaqirmoqda.

Quyi palata Adliya qo’mitasi Tramp ma’muriyati, oilasi va biznesiga aloqador 80 dan ziyod odamdan hujjatlar so’ragan.

Biroq bu shunchaki Tramp faoliyatini nazorat qilishga qaratilgan tashabbus, xolos, impichmentga poydevor yaratish emas, dedi Pelosi.

“Impichment mamlakatni bo’lib qo’yadigan mavzu. Keling, oldin dalillarga nazar tashlaylik, qonun nima deyishiga qaraylik, prezidentning harakatlarini kuzataylik”, - deydi spiker.

Pelosiga ko’ra, Tramp saylov shtabining Rossiya bilan til biriktirgani haqidagi da’volarni tergov qilayotgan maxsus prokuror Robert Myuller taftish natijalarini e’lon qilmaguncha impichment haqida og’iz ochmagan ma’qul.

“Demokratlar Myuller olib borayotgan tergov mustaqilligi va betarafligini prezident yoki respublikachilarning ma’lum shakldagi aralashuvidan himoya qilish kerak, deb qichqirgan. Endi esa tergov natijalari ma’lum bo’lmasidan impichment jarayonini boshlashga qo’l urayotgani ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti eksperti Jon Xudak.

Ba’zi demokrat qonunchilar Tramp sobiq advokati Maykl Koenning Kongressdagi tinglovda prezidentga qarshi bergan ko’rsatmalariga asoslanib ish tutyapti.

“Dalillar yetarlicha, prezident o’zini himoya qilish uchun hech narsadan tap tortmaydi – tergovga bosim qo’yib, qonunni buzishgacha boradi”, - deydi kongressmen Jeki Spayer.

Demokratlar o’ta siyosiylashgan hozirgi bir muhitda impichmentga erishish uchun asos va dalil ko’p va ishonchli bo’lishi kerakligini yaxshi anglaydi.

“Bir vaqtlar prezidentni impichment qilish uchun jinoiy harakatlarni amalga oshirishda o’z idorasidan turib ko’rsatma bergani, odamlarning og’zini yopish uchun ularga pul to’lagani, saylov kampaniyasini moliyalashni tartibga soluvchi qonunlarni buzgani kifoya edi”, - deydi demokrat kongressmen Jeymi Raskin.

Oq uyning bildirishicha, demokratlarning yana bitta tergovga qo’l urgani Tramp saylov shtabining Rossiya bilan til biriktirganiga doir da’volarning pufakdek yorilayotganidan dalolat. Respublikachilar prezidentni himoya qilmoqda.

“Men ko’rgan va izlanganlarimga asoslanib aytamanki, bu prezidentdan zarracha shubham yo’q”, - deydi respublikchilarning palatadagi sardori Kevin Makkarti.

2020-yilgi prezident saylovlariga harakat hozirdan boshlanar ekan, demokratlar qator muammolar bilan yuzlashishi mumkin.

“Agar siyosiy qarashlari markazda bo’lgan saylovchi demokratlarni o’ta siyosiylashgan deb bilsa, ulardan ko’ngli qolishi, Tramp esa bundan demokratlarga qarshi qurol sifatida foydalanishi mumkin”, - deydi ekspert Xudak.

Agar Tramp oilasi a’zolari va kompaniyasi vakillari demokratlar talab qilayotgan hujjatlarni taqdim etmasa, yangi tergovni boshlagan Adliya qo’mitasi ularni tinglovga chaqirtirib, o’z savollariga javoblarni shu tariqa olishi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG