G'azabkor saylovchilar Kongressga: Trampni jilovlang

  • Amerika Ovozi

Yaqinda ta’tildan qaytgan Kongress a’zolari o’z shtatlarida fuqarolar arzi va g’azabi bilan yuzlashdi. Tibbiy sug’urta tizimida kutilayotgan o’zgarishlar hamda immigratsiya bobida qilingan qarorlarni prezident tushuntirsin bizga, deya talab qilmoqda ular. Arizona shtatidagi manzaraga nazar tashlasak.

Ular o’zlarini “Bo’linmas” deb ataydi. Respublikachi senatorlar Jeff Fleyk va Jon Makkeynning idorasi qarshisida namoyish. Inauguratsiyadan beri har seshanba “Trampga Qarshilik” kuni o’tkazilmoqda.

“Qonunchilar Trampga eslatib qo’ysin. U ijrochi direktor emas, AQSh prezidenti axir”, - deydi Mayk Jonson.

Respublikachi senatorlar fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlarni bekor qilar ekan, namoyishchilar ularning idoralariga kirib boradi…

“Bo’linmas” harakati a’zolari sug’urta, Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga aralashuvi haqidagi savollarini qog’ozga tushirib, qoldiradi.

Demokrat faollardan tashkil topgan yangi harakat 2010-yilda Prezident Barak Obamaning siyosatiga qarshi chiqqan “Choychilar” harakatini eslatadi. Choychilar respublikachilarni Kongressda ko’pchilikka aylantirgan kuch edi.

Arizona singari Donald Trampga ovoz bergan shtatlarda qonunchilar prezidentga qarshi chiqishi gumon. Lekin vakillarimiz bizga quloq tutishga majbur, deydi faollar.

AQShning ko’plab shaharlarida hozir ana shunday manzara. Fuqarolar bilan o’tayotgan yig’inlarda har safar janjal. 200 dan ziyod respublikachi senator va kongressmenlar saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlarni bekor qilgan.

Arizonaning konservativ mahallalarida Tramp tarafdorlari ham namoyishga chiqdi. Terri Kurtin shulardan biri:

“Choychilar”ning maqsadi Respublikachilar partiyasini isloh qilish edi. Bular esa nuqul Trampni tanqid qilish bilan ovora”, - deydi u.

Demokrat faol Deyv Kovardga ko’ra, “Bo’linmas” harakati butun mamlakat bo’ylab o’z safini kengaytiradi.

“Rahbarlar bizning talablarimizga ko’z yuma olmaydi. Tramp siyosatidan norozilik kuchli. Buni qonunchilarga har kuni eslatamiz”, - deydi u.

Oq uy namoyishlar va chiqishlar bilan hisoblashmoqchi emas. Ularni liberal guruhlar ataylab uyushtirmoqda, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG