Breaking News

Oq uy va AQSh sudlari orasidagi kurash nimaga asoslangan?


San-Fransiskodagi federal sud binosi
San-Fransiskodagi federal sud binosi

Prezident Donald Tramp 27-yanvarda bergan farmon yetti musulmon mamlakati - Iroq, Suriya, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yamandan AQShga hech kimni kiritmaslikni buyuradi, 90 kunga. Farmonga ko'ra, qochqinlar ham 120 kun mobaynida kiritilmasligi kerak.

3-fevral kuni Vashington va Minnesota shtatlari prezident farmonidan shikoyat qilib, federal sudga murojaat qildi. Ularning da'vo qilishicha, Trampning immigratsion cheklovlari konstitutsiyaga ziddir. Da'vogalar suddan butun mamlakat bo'ylab bu farmon ijrosini to'xtatishni so'radi.

Federal sudya Jeyms Robart Vashington va Minnesota shtatlaridan tushgan shikoyatni asosli deb topdi va yuqorida tilga olingan yetti davlatdan kelayotganlarga darvozani yopmaslikni buyurdi.

Los-Anjeles xalqaro aeroportida Prezident Tramp farmoniga qarshi namoyishlar
Los-Anjeles xalqaro aeroportida Prezident Tramp farmoniga qarshi namoyishlar

Adliya vazirligi hukmdan norozi bo'lib, yuqori sudga shikoyat bilan chiqdi.

San-Fransisko shahridagi apellyatsiya sudi 9-fevral kuni bayon qilgan hukmga ko'ra, Oq uy farmoni amalga oshirilmasligi lozim, chunki hukumat musulmon davlatlardan kelayotgan odamlar xavfsizlikka qanday tahdid solishini isbotlay olmagan. Uch sudyadan iborat hay'at nazarida Tramp ma'muriyati bu farmon nimaga asoslanganini ko'rsatib bera olmagan.

Hukmda ta'kidlanishicha, xavfsizlik hamma uchun birdek muhim va demokratik ravishda saylangan prezident uni ta'minlash uchun mas'ul. Biroq bu yo'lda u erkinlikni cheklash, oilalarni bir-biridan ayirish va odamlarni kamsitishga haqli emas.

AQSh Oliy sudi
AQSh Oliy sudi

Oq uy bu borada Oliy sud ruxsatini olishi uchun sakkiz sudyadan besh nafari rozi bo'lishi lozim . Lekin ayni damda ular bu masalada ikki teng tomonga bo'lingan. Bu degani quyi sudlar hukmi kuchda qoladi.

Adliya vazirligi bu hukm bilan tanishmoqda va keyingi qadamlar ustida o'ylanmoqda.

Prezident Tramp "sudlashishda davom etamiz" deydi. Lekin masala har doimgidan ham murakkab. Oq uy immigratsion cheklovlarni amalga oshirishning boshqa yo'llari ustida ham o'ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG