Breaking News

Yangi qonunga ko'ra, AQShda koronavirus testi tekin


Oq uy, 19-mart, 2020

Prezident Donald Tramp deydiki, agar koronavirus balosi bu qadar keng ko'lamda bo'lishi mumkinligini biror yirik davlat, xususan Amerika va Xitoy oldindan aniq bila olganida, uni albatta to'xtatishga uringan bo'lar edi.

Oq uy va Davlat departamenti o'tgan kunlar ichida Xitoyga tanqidni kuchaytirib, koronavirusni "Xitoy virusi" deb atash kerak, deya undayotgan edi. Lekin bugungi bayonotida Tramp e'tiborni kim aybdor ekaniga emas, hozirda uning ma'muriyati nimalar qilayotganiga qaratdi.

Kecha u imzo chekkan yangi qonunga ko'ra, ishchi-mehnatkashlar, oilalar va kichik bizneslarni quvvatlash uchun alohida mablag' ajratilib, virus bois zarar ko'rayotganlarga pullik tibbiy ta'til va boshqa imtiyozlar taklif qilinadi. Koronavirus uchun test tekin bo'ladi.

Koronavirus sabab yaqiniga qarayotganlar maoshsiz qolmaydi. Iqtisodiy jihatdan qiynalib qolgan xonadonlarga yordam oshiriladi. Davlat ishsizlarga uzoqroq muddat ko'mak ko'rsatadi.

Tramp bugun, shuningdek, koronavirusga qarshi dori-darmon ko'payishini ham e'lon qildi. Bezgak muolajasi uchun ishlatilgan ayrim vositalar hozir insoniyat kurashayotgan kasallikni yengish uchun ham qo'l kelishi mumkin, deydi prezident. Tibbiyot sohasi egalari va tegishli organlar bu masala ustida ishlamoqda, deydi Tramp.

Amerika olimlari koronavirusga qarshi vaksina bo'yicha ham izlanish va amaliyotlarni davom ettirmoqda. Prezidentga ko'ra, u tez orada chiqadi, lekin mutaxassislar vaksina uchun kamida bir yil kerak, deya ogohlantirmoqda.

Ikki kongressmenda hozirda koronavirus aniqlangan. Biri Florida shtatidan respublikachi qonunchi Mario Diaz-Balart, ikkinchisi esa Yuta shtatidan demokrat qonunchi Ben Makadams.

Kongressning yana bir necha a'zosi karantinda, chunki ular virusga chalingan hamyurtlariga yaqin bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG