CPJ: Prezident Mirziyoyev, matbuot erkinligi uchun yo'l oching

  • Amerika Ovozi

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Nyu-Yorkda asoslangan nohukumat tashkilot bo'lib, xayriyadan tushgan mablag' hisobiga faoliyat yuritadi

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) O'zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan matbuot va jurnalistlar erkinligi yuzasidan muloqot boshlashni istaydi. Tashkilot bugungi ochiq xatida shuni ma'lum qildi.

"O’zbekistonning ikkinchi prezidenti sifatida qasamyod keltirganingizdan bir oy o’tib, biz, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi, respublikaning birinchi rahbari, marhum Prezident Islom Karimovning ommaviy axborot vositalariga nisbatan repressiv siyosatini to’xtatish hamda jurnalistlar faoliyatiga to’siq bo’layotgan cheklovlarni yo’q qilishga da’vat etib, Sizga murojaat qilmoqdamiz", - deyiladi Toshkentga yo'llangan xatda.

"Saylovoldi kampaniyasi davomida Siz hukumatning fuqarolar oldidagi hisobdorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishni va’da qildingiz", - deyiladi maktubda.

Bunga erishishning eng to’g’ri yo’llaridan biri, tashkilotga ko'ra, mustaqil ommaviy axborot vositalarining jazolanishdan qo‘rqmay ishlashini kafolatlashdir.

Maktubda qayd etilishicha, avvalgi prezident Islom Karimov davrida, ayniqsa Andijon fojiasi yuz bergan 2005-yildan buyon mustaqil matbuot butkul yo’q qilingani, jurnalistlarni qamash yoki mamlakatni tark etishga majburlash avj olgan.

"O’zbekiston Konstitutsiyasi so’z erkinligi va ma’lumotni izlash hamda tarqatish huquqini (29- modda), matbuot erkinligini (67-modda) kafolatlab, senzurani taqiqlasa-da (67- modda), O’zbekiston qamalgan jurnalistlar soni bo’yicha Markaziy Osiyoda birinchi o’rinda turadi. Kamida to’rt jurnalist ishini bajargani uchun qamalgan. Yana biri o’z xohishiga zid ravishda ruhiy kasalxonaga yotqizilgan", - deya eslatadi Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi.

Qo’mita bayon qilishicha, “Erk” muxolifat gazetasi muharrirlari Muhammad Bekjonov va Yusuf Ro’zimurodov - dunyoda eng uzoq muddat panjara ortida qolayotgan jurnalistlardir. Ular 1999-yilning sentabrida hibsga olingan. Bekjonov 14 yilga, Ro’zimurodov esa 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2012-yilda Bekjonovning qamoq muddati yana besh yilga uzaytirilgan. Sabab - uning qamoqdagi qoidalarni buzgani, deya ko’rsatilgan. Ro’zimurodov 2014-yilda ozod etilishi kerak edi, biroq unga ham qo'shimcha uch yil berilgan. U ham qamoqdagi tartibga zid ishlar qilgani aytilgan.

Samarqand viloyatida fermerlar huquqlari qo'pol ravishda poymol etilayotgani haqida katta maqolalar yozgan Dilmurod Sayid 2009-yilda tovlamachilik va hujjatlarni soxtalashtirish ayblari bilan 12,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Amerika Ovozi”, “Ozodlik" radiosi va “Uznews” axborot sayti uchun materiallar uzatgan qoraqalpoq jurnalisti Solijon Abdurahmonov qoradori savdosi bilan bog'liq ayblar ostida 2008-yilda 10 yilga qamalgan.

"Marhum Prezident Islom Karimov jiyani Jamshid Karimov viloyatdagi og’ir ijtimoiy va iqtisodiy ahvol haqida xabar bergani uchun 2012-yil yanvaridan buyon Samarqanddagi ruhiy kasalxonada saqlanmoqda. Bu uning ikkinchi marta majburan ruhiy kasalxonaga yotqizilishi: birinchisi 2006-yil sentabridan 2011-yil noyabrigacha davom etgan", - deyiladi CPJ maktubida.

Tashkilotning ogohlantirishicha, Bekjonov, Ro’zimurodov va Sayid sil kasali bilan olishmoqda. Abdurahmonov va Karimov esa oshqozon va ichak yaralaridan aziyat chekmoqda.

CPJ yana bir faktga e'tibor qaratadi: O'zbekistonda 10 mamlakatdan, asosan davlat axborot agenliklariga tegishli 33 xorijiy jurnalist akkreditatsiyaga ega. 2005-yildan beri G'arb teleradio, bosma matbuot va agentliklarning muxbirlari haydalgan.

Tashkilot Mirziyoyevni avvalo Bekjonov, Ro’zimurodov, Sayid, Abdurahmonov va Karimovni ozod etishni buyurishni va jurnalistlarni o’z ishini bajargani uchun qamamaslikni ta'minlashga undamoqda. Axborot oqimini cheklamay, chet el jurnalistlariga mamlakatdagi vaziyatni bemalol yoritishi uchun sharoit yaratib bering, deya chaqirmoqda CPJ.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Nyu-Yorkda asoslangan nohukumat tashkilot bo'lib, xayriyadan tushgan mablag' hisobiga faoliyat yuritadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG