Breaking News

Dunyo yadroviy urush bo’sag’asida turgan kunlar


Sovetlarning Kubadagi qurollari surati, 1962-yil oktabr
Sovetlarning Kubadagi qurollari surati, 1962-yil oktabr
Bundan 50 yil oldin AQSh va Sovet Ittifoqi o’rtasidagi eng jiddiy siyosiy to’qnashuv – Karib inqirozi insoniyatni yadroviy urush bo’sag’asiga olib borgan.

Dunyoni atom urushi bo'sag'asida turgan kunlar/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00
Yuklab oling

1962-yil 14-oktabr kuni Amerikaning U-2 rusumidagi josus samolyotlari olgan fotosuratlardan Kubada Sovet yadroviy quroli joylashtirilgani ayon bo’ladi.

Karib inqirozi bo’yicha mutaxassis Grem Ellison u yerda ikki turdagi raketalar bo’lganini aytadi.

“Poytaxt Vashingtonni nishonga olishga qodir ballistik raketalar hamda yanada uzoqroqqa uchadigan yadroviy raketalar. Ular yordamida atom quroli Omaxadagi AQSh Strategik havo kuchlari qo’mondonligi qarorgohiga yuborilishi mumkin edi. Ya’ni, Sovet Ittifoqida AQShning uchdan-bir qismini yer bilan yakson qilish imkoni bo’lgan”.

Prezident Jon Kennedi sohaning eng ustasi farang ekspertlarini chaqirtiradi va ular bilan bir hafta davomida maslahatlashadi. Ekspertlar Sovet Ittifoqi raketalarini havodan turib yo’q qilishni taklif etadi. Biroq bu yadroviy urushni anglatardi.

Nikita Xrushyov bunga qarab o’tirmasligi va yadroviy qurol qo’llashini Amerika yaxshi tushungan, deydi Ellison.

“Sovet Ittifoqi AQShning Turkiyadagi raketalariga hujum qilishi mumkin edi. Bu vositalar SSSRning Kubadagi raketalari bilan bir xil edi. Agar Moskva Turkiyada Sovet Ittifoqiga qarshi qaratilgan raketalarni nishonga olsa, biz ham javob berardik. Ya’ni, yadroviy urush boshlanishi muqarrar edi. Shuni tushungan Amerika rahbariyati boshqa yo’lni tanladi va Kubani qamal qildi”.

1962-yil 22-oktabr kuni prezident Kennedi televideniye orqali xalqqa murojaat qiladi:

“Kubadan g’arbiy yarimshardagi har qanday davlatga qilingan hujum Sovet Ittifoqi tomonidan AQShga qarshi qilingan hujum deya ko’riladi va tegishli javob beriladi ”.

Ikki kun o’tib Sovet kemalari dengiz orqali Kubaga yo’l oladi va qamal chegarasiga kelib to’xtaydi.

Xrushyovning o’g’li Sergey Xrushyov o’shanda 27 yoshda edi. Otam pinagini buzmagan, deya eslaydi u.

“U vahima qilmagan. Birinchi o’q uzilmasin deb buyruq bergan. Chunki birinchi o’qdan keyin muzokaraga o’rin yo’q. Harbiylar ishga kirishadi. Menimcha, prezident Kennedi ham shuni tushungan. Chunki birinchi o’qqacha gaplashish, tortishish mumkin, undan keyin esa faqat o’lim”.

Ikki rahbar dushman bo’lsa-da, muzokara olib borgan, deydi Sergey Xrushyov.

26-oktabr kuni Sovet rahbari Kennediga Kuba va Fidel Kastroni tinch qo’yinglar, shunda men oroldan raketalarni olib chiqaman deb ma’lum qilgan. Buning evaziga AQSh Turkiyadan raketalarini olib chiqishi shart edi.

Ikki kun o’tib Xrushyov Moskvadan turib, radio orqali, AQSh talablarimizni qabul qildi, deya e’lon qilgan.

Noyabr o’rtalariga borib SSSR Kubadan raketalarini olib chiqadi. 1963-yilning aprelida esa Amerika Turkiyadagi raketalariga oid va’dasini bajaradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG