Breaking News

Islomobodda rivojlanayotgan musulmon davlatlar sammiti o'tmoqda


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Rivojlanayotgan Sakkizlik sammitidan oldin Pokiston Bosh vaziri Raja Pervaiz Ashraf bilan uchrashmoqda, Islomobod, 21-noyabr, 2012-yil.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Rivojlanayotgan Sakkizlik sammitidan oldin Pokiston Bosh vaziri Raja Pervaiz Ashraf bilan uchrashmoqda, Islomobod, 21-noyabr, 2012-yil.
Bugun Islomobodda rivojlanayotgan sakkiz musulmon davlat rahbarlari uchrashmoqda. Forumda odatda savdo va sarmoyani oshirish bobida hamkorlikni kuchaytirish xususida muloqot kechadi, ammo G’azodagi voqealar sammit ishtirokchilarini befarq qoldirmadi va birinchi planga siyosat chiqdi.

Islomobodda Eron, Indoneziya, Misr, Nigeriya, Turkiya, Pokiston, Malayziya hamda Bangladesh rahbarlari va rasmiylari muloqot qilmoqda. Rivojlanayotgan Sakkizlikka a’zo davlatlar umumiy aholisi soni bir milliardga yaqin, o’zaro savdo oborotining yig’indisi esa bir trillion dollar atrofida.

Hamkorlar munosabatlarni yanada chuqurlashtirmoqchi, sarmoyalarni oshirmoqchi. Ammo ikki yillik raislik navbatini Nigeriyadan qabul qilib olgan Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy o’zining ochilish nutqida siyosatga to’xtaldi. Xususan, Isroil-Falastin ixtilofiga.

Zardariy Isroilning G’azo tomon havo hujumlarini qoralab, Rivojlanayotgan Sakkizlik Falastinga mustaqillikka erishishida yordam berishi kerak, dedi.

Pokiston rahbari Misr prezidenti Muhammad Mursiyning Isroil va XAMAS o’rtasida sulhga erishishdagi vositachilik rolini yuqori baholadi. Mursiy sulh ijrosini nazorat etish uchun Qohirada qolib, Islomobod sammitiga bora olmadi.

Yig’inda Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod ham so’zlab, jahonda adolatsizlik va boshqa muammolarga qarshi kurashda hamkorlik muhim ekanini aytdi.

Uning aytishicha, yirik davlatlar boshqalarga o’z so’zini o’tkazish uchun BMTdan foydalanib, iqtisodiy sanksiyalar qo’ymoqda. Ahmadinejod G’azo xalqiga Isroil istilosidan xalos bo’lishda yordam berishimiz kerak, dedi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an ham shu xususda so’zlab, begunoh odamlarning o’limi yuzasidan afsusda ekanini aytdi.

Rivojlanayotgan Sakkizlik 1997-yilda Turkiya tashabbusi bilan tuzilgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xarning aytishicha, forumda davlat rahbarlaridan tashqari yirik tadbirkorlar ham qatnashmoqda.

"Birgalikda harakat qilsakgina xalqlarimiz hayotini yaxshilashimiz mumkin. Hamkorlik mahsuliga ishonamiz, o’rtadagi to’siqlarni kamaytirib, bir milliard odam hayotini quvonchga to’ldiramiz", - dedi Pokiston vazirasi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG