Breaking News

Amerika hayotidan: Hujjatsiz yoshlarga xususiy manbalardan stipendiya


Merimaunt universiteti

Amerikaga bolaligida olib kelingan hujjatsiz muhojirlarni DAKA (DACA) dasturi deportatsiyadan himoya qiladi. Ammo Donald Tramp Oq uyga kelgach, dasturni tugatishga qaror qilgan. Masala hozir Oliy sudda ko’rilmoqda. DAKA ishtirokchilari AQSh fuqarosi bo’lmagani uchun o’qish uchun federal hukumatdan moliyaviy yordam ololmaydi.

Virjiniyadagi Merimaunt universitetiga kamida 80 nafar hujjatsiz muhojir qatnaydi. Ular tarafdorlari bilan o’z klublarini ham tuzishgan.

“Klubimizga eng kerakli narsa – resurs. O’qishini moliyalashtira olmaydigan talabalar ko’p. Xususan, hujjatsiz yoshlar grant topishga qiynaladi. Masalan, yordam olish uchun ariza to’ldirayotganda o’zini fuqaro deb ko’rsatadimi yoki xalqaro talaba? Ikkisi ham to’g’ri kelmaydi”, - deydi klub prezidenti Charlin Makkol.

2018-yilda DAKA ishtirokchilari klubi universitet rahbariga murojaat qilib, hujjatsizlarga yordam beradigan xususiy tashkilot bilan hamkorlik qilishni so’rashdi.

“Bir stol atrofida yig’ilishib, muhokama qildik. Merimaunt universiteti hujjatsiz talabalarga grant beradigan guruh bilan ishlamas ekan, yordam bering deb kelishdi”, - deydi Merimaunt rahbari Irma Beserra.

2019-yilning kuziga borib, universitet birinchi kurs talabalariga 7000 dollar miqdorida stipendiya beradigan o’quv yurtlaridan biriga aylandi.

“Ko’plab o’quv yurtlariga hujjat topshirdim. Merilendning o’zida ham, boshqa shtatlarda ham. Qaysi biri moliyaviy yordam bera olishini bilmoqchi edim. Tanishim Merimaunt haqida aytib qoldi. Kelib ko’rdim, juda yoqdi. Menga o’qish uchun stipeniya taklif qilishdi, qabul qildim”, - deydi talaba Ashli Maya.

Merimaunt universiteti DAKA ishtirokchilariga yordam dasturlarini kengaytirmoqda. O’zim kubalik immigrant sifatida ularning dardini tushunaman, deydi Irma Beserra:

“O’tmishda AQShning Kuba singari mamlakatlarga nisbatan siyosati boshqacha edi. Amerikaga siyosiy qochqin bo’lib kelganmiz, bizni qabul qilishgan. Bu talabalarni chin dildan tushunaman”.

Hujjatsiz yoshlarni o’z himoyasiga olgan DAKA dasturi taqdirini Oliy sud hal qiladi. Uni yopishga qaror qilgan Prezident Trampning aytishicha, Obamada dasturni yaratish vakolati bo’lmagan. Sud yaqin orada bu bahslarga nuqta qo’yadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG