"Qorong'i kunlar" - Vinston Cherchil haqida yangi film

  • Amerika Ovozi

“Qorong’i kunlar” tarixiy dramasi 1940-yilda Vinston Cherchil Britaniyani natsistlar Germaniyasiga qarshi kurashga chorlagani haqida hikoya qiladi. Faktlarga asoslangan siyosiy triller.

1940-yilning bahorida G’arb urushni Germaniyaga boy berayotgan edi. Natsistlar Belgiya va Fransiyani bosib oladi. Britaniya ham kapitulyatsiyaga tayyor.

Ingliz qo’shinlari Fransiyaning sohilbo’yi Dyunkerk shahrida qurshovga olinar ekan, Britaniya parlamenti Adolf Gitler bilan kelishib olish tarafdori bo’lgan Bosh vazir Nevil Chemberlenni ishdan olib, o’rniga Vinston Cherchilni tayinlaydi. Gitlerga qarshi murosasiz kurash tarafdorlari hokimiyatga keladi.

Cherchilning impulsiv, qiziqqon shaxsiyati, dangalligi sabab uni ko’pchilik yoqtirmagan. Hatto Qirol Jorj VI ham boshida unga ro’yixush bermagan. Ammo “Qorong’i kunlar” filmida Cherchil shubha va qo’rquvlarini yenga olgan, Britaniyani g’alaba tomon yetaklagan chekinmas lider sifatida gavdalanadi.

Rejissyor Jo Rayt bosh qahramonning insoniyligi meni o’ziga jalb qildi, deydi.

“Ikkilanish, gumonsirash - filmda muhim element. Donishmandlikka erishishda bu muhim omil”, - deydi Rayt.

Vinston Cherchil rolida mashhur aktyor - Gari Oldman. Dastlab, deydi u, Cherchildek tarixiy shaxs obrazini yaratishni uddalay olamanmi deb o’ylandim, lekin oxir-oqibat qabul qildim.

“Tarixiy hujjatlarni o’rganib, xulosa qildimki, Cherchil yonoqlari qizil, muomalada qo’pol, kuch va g’ayratga to’la, xarizmatik, qiziqchi inson bo’lgan”, - deydi Oldman.

Dramatik asarni tomosha qilar ekansiz, urushda g’alaba qozonish imkonsiz tuyulgan o’sha davrda Cherchil va Britaniya tavakkal qilganini ko’rasiz.

Kartina tarixiy ahamiyatga ega. Kinematografik jihatdan ham ta’sirli. Demokratiya doimiy himoyaga muhtoj ekanini tomoshabinga uqtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG