Breaking News

Vashington moda haftaligi: dizaynerlar kimlar?


Vashington modalar shahri emas. Bu yerning aholisi oddiy, ko’rimsiz ranglardagi, ishga qulay kiyimlarda yuradi. Shunga qaramasdan AQSh poytaxti modalar markaziga aylanishiga umid bog’layotganlar bor.

“Havaskor dizaynerman. Modalar olami meni hamisha o’ziga torgan. Kurslarga borib qobiliyatimni charxladim. Asli soham kompyuter texnologiyalari bo’lgan”, - deydi Iyen Villyams.

Iyen Villyams Vashington modalar haftaligini 14 yil avval boshlagan.

“Amerika poytaxti siyosat shahri deb tanilgan bo’lsa-da, Vashington muzeylari, teatr, konsert, opera zallari, hovuz yoqalarida o’tadigan bazmlar xalqqa ochiq. Yasanib, kiyinish uchun qancha imkoniyat bor”, - deydi u.

Vashington modalar haftaligi avvaliga mahalliy dizaynerlar ishi bilan boshlangan. Hozir butun dunyodan kelishadi, xalqaro tadbirga aylangan.

“Appalachi tog’lari, ya’ni sharqiy Amerikaga xos to’qimachilik yo’nalishini, shuningdek, naqshlarni Tailand, Suriya matolari bilan qo’llaymiz. O’zim ham ukraincha uslubda matolar ishlayman. Pekin manzarasi qo’lda chizib tushirilgan matolar, G’arbiy Afrikadan ham materiallar bor”, - deydi dizayner Ellen London.

U tailandlik dizaynerlar bilan hamkor. Turli yo’nalishdagi matolarni chatishtirib ishlaydi.

“Matolardagi naqshlar, umuman moda orqali odamlarning, madaniyatning bir-biriga bog’liqligini o’rgansa bo’ladi”, - deydi u.

Har ikki dizaynerning fikri bir joydan chiqdi.

“Liboslarga boshqa madaniyat elementlarini kiritish kengroq ommani jalb qiladi. Odamlarning yoshi, bichimi, gavdasiga qarab har xil turdagi modalar yaratamiz. Hamma kiysin”, - deydi Villyams.

Tomoshaga kelganlarga ham rang-baranglik ma’qul.

“Pokistondanman. Vashington modalar haftaligida birinchi marta qatnashyapman. Turli naqshlar tushirilgani, xohlagan o’lchamda, hatto hijobli dizaynlar borligi menga yoqdi”, - deydi mehmonlardan biri Malika Chima.

Bir haftalik tadbirni notijorat tashkilot o’tkazyapti. Unga modalar olamiga endi kirib kelganlar qatorida nomi chiqqan dizaynerlar ham jalb qilingan. Kamil Keys ulardan biri.

“Asli Yamaykadanman. Modalar haftaligida qatnashish qimmat emas, ham poytaxtday joyda ishimni ko’rsatishga imkon bo’ldi”, - deydi u.

Villyamsning modalar olamida rejalari katta.

“Umid va maqsadimiz AQSh poytaxtiga butun dunyodagi eng zo’r dizaynerlarni jalb qilish. Olimpiadalar kabi istododlar bellashuviga aylansin”, - deyd u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG