Breaking News

Vashington kinofestivalida ko'rsatilgan kartinalar


"Flamenco, Flamenco" filmidan
"Flamenco, Flamenco" filmidan

Har yili Vashingtonda mashhur va sohaga endi qadam qo’ygan hamda keng ommaga tanilmagan kino ustalari yaratgan rangba-rang filmlar festivali o’tadi.

Ispaniyalik kino ustasi Karlos Saura ishlagan “Flamenko, Flamenko” (Flamenco, Flamenco) filmida ispan milliy va zamonaviy raqsi, musiqa, ranglar jilosi va chiroqlar o’yinini tomosha qilasiz.

“Asorat” (Aftershock) nomli xitoycha drama esa bu yurtning 30 yillik mushkuloti haqida.

Filmdagi voqealar Xitoy tarixida ro’y bergan ikki qaqshatqich zilzila atrofida aylanadi. Odatzot dardi, hayotiy qarorlar haqida so’z boradi.

Ofat paytida ona farzandlaridan faqat biri, qizi yoki o’g’lini qutqarib qolishi mumkin bo’ladi, xolos.

“Asorat” Xitoyda ishlangan va mamlakatda sevib ko’rilgan kartina. AQShda ilk taqdimoti.

Bu yil Vashington film festivali 25 yoshini qarshiladi. Lekin ko’pchilik amerikaliklar bu tadbir haqida bilmaydi. Buning esa sababi oddiy.

Boshqa yirik festivallardan farqli ravishda Vashington anjumani deyarli reklama qilinmaydi. Bu yig’inning o’z auditoriyasi bor, o’qimishli, ziyoli odamlar, deydi tashkilotchi Shirin G’arib.

“Vashington – poytaxt. Har xil tusga kira oladi. Dunyoning turli burchaklaridan keladi bu yerda odamlar. Tashkilot va elchixonalar… Shunday ekan, qanday filmni tanlay, namoyish qilmaylik, auditoriya juda talabchan, did yaxshi bo’lishi aniq”,- deydi u.

Bu safar ko’rsatilgan taxminan 80 kartinaning ko’pi odamlar og’ziga tushib ulgurgan.

Ali Samad Ahadiyning ko’p maqtovga sazovor bo’lgan “Yashil To’lqin” (The Green Wave) filmi ana shularda biri.

“Yashil To’lqin” Eronda 2009 yilda ro’y bergan namoyishlar va uning ayovsiz bostirilishi haqida. Muallif ham animatsiya, ham videodan foydalangan.

Britaniya taqdim etgan komediya “The Drummond Will” hayot ikir-chikirlarini kulguga oladi. Aka-uka marhum otaning g’arib bir uyiga borib, uni boshdan oyoq tita boshlaydi. Kutilmaganda shkaflarning biridan pul qulochlagan eski tanish chiqib qoladi.

Og’a-ini o’tmish sirlarini izlagani sari yangidan yangi ma’lumot paydo bo’laveradi.

Prodyuser Tobias Tobell ham anjuman qatnashchilaridan biri.

“Festival biz uchun koni foyda”, - deydi u.

“Yaxshi baho berilsa, maqtashsa, buning hammasi qog’ozga tushadi. Odamlar o’qiydi. Biz haqimizda qancha ko’p gapirishsa, daromad ham shuncha oshadi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG