Breaking News

O'lim jazosiga qarshi kurash - Amerika misolida


Florida shtatida o'lim jazosi yo ukol yo elektr toki orqali ijro etiladi
Florida shtatida o'lim jazosi yo ukol yo elektr toki orqali ijro etiladi

Amerikada o’lim jazosi bekor qilinmagan. Har bir shtat oliy jazo usullari xususida o’z qonunlariga ega.

1994-yilda olib borilgan so’rovlarda aholining 80 foizi o’lim jazosi tarafdori ekanini aytgan bo’lsa, bugunga kelib, oradan 17 yil o’tib, amerikaliklarning 61 foizi shunday fikrda.

Qabih jinoyatlar uchun oliy jazoga hukm qilinib, keyinroq esa begunoh ekani aniqlanib ozodlikka chiqqan insonlar ko’p.

Ron Keyeni Nyu-Meksiko shtatida qotillikda aybdor deb topilib, oliy jazoga buyurilgan edi. Ukol orqali qatl etilishiga sal qolgan. O’lim muddatidan bir necha kun oldin haqiqiy qotil cherkovga borib jinoyatni tan olgan.

“Qotilni eshitgan ruhoniy bu shaxsga vijdonan ish tutishni maslahat bergan, ya’ni jinoyatni bo’yniga olib, mening, begunoh insonning, hayotini saqlab qolishni”,- deydi u.

Adolat qaror topib, Ron Keyeni ozodlikka chiqdi va o’lim jazosiga qarshi kurashga qo’shildi.

2009-yilda Nyu-Meksikoda o’lim jazosi bekor qilindi. Endi oliy jazo - bir umrlik qamoq.

Jinoyatchi jazosini olishi kerak, deydi Keyeni.

Bu yili Jorjiya shtatida qatl etilgan Troy Deyvis aslida begunoh inson edi deb bong urayotganlar ko'p
Bu yili Jorjiya shtatida qatl etilgan Troy Deyvis aslida begunoh inson edi deb bong urayotganlar ko'p

“Qamoqxonada o’tirganlar orasida shafqatsiz, qonxo’r jinoyatchilar borligini tan olaman. Bu xavfli shaxslarni qo’yib yubormaslik kerak. Lekin o’lim jazosiga qarshiman. Ular bir umr qamoqda o’tirsin, kechirilmasin, tamom”.

Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, o’limga loyiq topilgan har sakkiz odamdan biri aslida aybsiz.

Ko’p hollarda qayta tergov ochilib, dastlabki sud ishida xatolarga yo’l qo’yilgani fosh etiladi.

Klerens Brendli Texasda oliy jazoni kutib o’tirganida ishi qayta ko’rilib, oqlandi.

“Texas shtatida begunoh insonlar qatl etilgani qayta-qayta isbotlangan”,- deydi u.

Buning asosiy sabablaridan biri ayblanuvchining yaxshi advokat yollay olmagani. Sudlanuvchilarning ko’pi qora tanli kambag’al erkaklar bo’lgan.

Texas - eng ko'p odam qatl etiladigan shtatlardan biri
Texas - eng ko'p odam qatl etiladigan shtatlardan biri

Texas eng ko’p odam qatl etiladigan shtatlardan biri. Yana biri Virjiniya. Bu jazo turi hech qanday samara bermaydi, deydi professor Doroti Maklellan.

“O’lim jazosi bilan jinoyatni kamaytira olmaysiz. Qatl etish – o’ch olish xolos. Uni effektiv chora deb bo’lmaydi”,- deydi u.

Bu fikrga qo’shiladiganlar juda ko’p, lekin qo’shilmaydiganlar ham kam emas.

O’lim boshqalarga saboq, juda bo’lmaganda qotil boshqa hech kimni o’ldirmasligini kafolatlaydi, deydi ular.

Lekin adliya tizimi qatl etilayotganlar haqiqiy jinoyatchilar ekanini kafolatlay oladimi? Mana shu savol Amerika jamiyatini qiynab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG