AQSh sudi iroqliklar deportatsiyasini to'xtatib qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Detroyt shahar federal sudi 1400 iroqlikning deportatsiyasini immigratsiya sudi bu ishni ko'rib chiqquncha to'xtatib turish haqida qaror chiqardi. Hibsdagilarning aksariyati yengil jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, deportatsiyaga duch kelgan edi. Agar mamlakatiga qaytsa, ularning hayotiga xavf tug'ilishi mumkin.

Detroyt azaldan ozchilikdagi muhojir jamoalar uchun ona vatandek bo'lib kelgan. Ammo iyun oyida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari 114 iroqlikni hibsga olib, deporatsiya qilish harakatiga tushdi.

"Donald Trampning birinchi farmonida Iroq fuqarolari AQShga kirishi taqiqlangan davlatlardan biri edi. Bu mamlakatning nega ikkinchi farmonga kiritilmagani ko'pchilikni ajablantirdi. Ma'lum bo'lishicha, Tramp ma'muriyati Bag'dod bilan bir qator masalalarda kelishib olgan. Shunday kelishuvlardan biriga ko'ra, Iroq hukumati AQShda deportatsiya uchun ushlangan iroqliklarni qabul qilib olishga rozi bo'lgan", - deydi huquqshunos Edvard Bajoka.

Ilgari o'zaro bitim bo'lmagani bois Iroq AQShdan fuqarolarini qabul qilmas edi. Oxirgi kelishuv ortidan esa ularni yoppasiga Iroqqa jo'natish ishlari boshlangan. Sud bunga qarshi chiqdi.

"Hukmga ko'ra, deportatsiya qarorini olgan iroqliklar 90 kun ichida ishni qayta ko'rib chiqishni so'rab immigratsiya sudiga murojaat qilishi mumkin", - deydi huquqshunos Maykl Staynberd.

Deportatsiya ishlarining immigratsiya sudida qayta ko'rib chiqilishi muhim, chunki Iroqning ozchilikdagi nasroniylari vataniga qaytsa hayoti xavf ostida qolishi ehtimoli yuqori.

"Nafaqat nasroniylar, balki musulmonlar ham qiynoq, o'lim, garovga olinish kabi tahdidlar bilan yuzlashadi. Dini uchunmas, G'arb bilan aloqasi uchun", - deydi Bajoka.

Hibsga olinganlarning yaqinlari xavotirda.

"Ularning barchasi bu davlatda o'nlab yillar yashagan. Agar ular ortga qaytarilsa, Iroq hukumati ularni AQSh rad etgan odamlar deb qiynoqqa tutadi, hatto o'ldirishi mumkin. Hamma biladi buni, hatto bu yerdagi hukumat ham. Nega ularni ortga qaytarishyapti?", - deya so'raydi mahbuslardan birining qizi.

Bu ayolning otasi AQShda 70-yillardan beri yashaydi, ammo 1986-yil kokain saqlaganlikda aybdor deb topilgan. O'sha paytda bir yarim yil qamoqda o'tirib ham chiqqan. Endi esa deportatsiya bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG