Breaking News

Tramp: Hujjatsiz immigrantlar orasida jinoyatchilar ko'p


Hujjatsiz immigrantlar nishonda
Hujjatsiz immigrantlar nishonda

Prezident Donald Tramp yaqinda noqonuniy muhojirlar tomonidan o’ldirilgan amerikaliklarning oilalari bilan uchrashdi. Oq uyda o’tgan muloqotda u hujjatsiz immigrantlarga nisbatan keskin choralar ko’rishga so’z berdi.

Hujjatsiz muhojirlar va jinoyat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Jabrlanganlarning yaqinlari o’z qissalarini so’zlab berdi.

“O’g’lim Joshua atigi 18 yoshda edi. 2010-yilning noyabrida uni qiynoqqa solishgan, qattiq do’pposlashgan, keyin esa o’ldirib, jasadini yoqib yuborishgan. Qotillar Amerikada nolegal yurgan odamlar bo’lgan”, - deydi Lora ismli ona.

“Mening o’g’limni o’ldirgan odam to’rt marta deportatsiya qilingan lekin yana qaytib kelgan. Mamlakatga qayta kiritishgan uni. Ketma-ket jinoyatlar sodir etib, organlar nazoratiga tushgan shaxs. Biroq bemalol yuravergan”, - deydi Den ismli ota.

“Qizim Kristi bo’g’ib o’ldirilgan. Zo’rlashgan uni, keyin pichoqlashgan, rosa azoblashgan va oxirida bo’g’ishgan. Qahraton qishda jasadni shudgorga tashlab ketishgan. Keyin qotil 14 yoshli yana bir qizni o’g’irlab, uni ham qiynagan”, - deydi Xuan ismli ota.

Prezident Tramp bilan dardlashgan ota-onalarning aytishicha, agar jinoyatchi deportatsiya qilinganida ularning farzandlari bugun tirik yurgan bo’lar edi.

Hozir ham mamlakatda bunday odamlar ko’p, deydi Tramp.

“Yovuz, beshafqat kelgindilar yashirinib, ba’zida esa bemalol yuribdi. Biz ularni birma-bir ushlab chiqarib yuborayapmiz. Jinoiy tarixga ega bo’lganlar nishonimizda”, - deydi Tramp.

Ko’plab amerikaliklar nazarida esa hukumat bu borada ehtiyotkorlik bilan harakat qilishi kerak. Begunoh odamlar haydalmasin, deydi Mimi Marziyani, huquqshunos.

“Biz sudga arz qildik, chunki Tramp ma’muriyati hujjatsiz yurgan har bir immigrantga jinoyatchi deb qarayapti”, - deydi advokat.

Immigratsiya va boj masalalari bo’yicha bosh rasmiy Tomas Homan deydiki, Amerikada noqonuniy yurganlar javobgarlikka tortilishi qonuniy holdir.

"Qonunga xilof ravishda yurgan bo’lsangiz, tutilasiz, albatta”, - deydi Homan.

Oq uyga ko’ra, tizim har bir immigrant ishini izchil o’rganib chiqadi. Yoppasiga emas, birma-bir elakdan o’tkazilgach, talablarga javob bera olmasa, deportatsiya qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG