Breaking News

Chegara bilmas diktatorlar: Markaziy Osiyoda pul va qudrat


Ostona, Qozog'iston
Ostona, Qozog'iston

Markaziy Osiyodagi avtoritar rejimlar, ko'pincha, tashqi dunyodan, globalizatsiya jarayonidan ajralib qolgan davlatlar sifatida talqin qilinadi. Kolumbiya universiteti professori, mintaqa bo'yicha olim va siyosatshunos Aleksander Kuli fikricha, bunday qarash noto'g'ri. U yaqinda chop etilgan "Chegara bilmas diktatorlar: Markaziy Osiyoda pul va qudrat" nomli kitobida shu haqda bahs qiladi. Kitobxonlar bilan o'tgan uchrashuvda muallif mavzu bo'yicha o'z xulosalarini taqdim etdi.

Mintaqa davlatlarida uzoq yillardan beri hokimiyatda o'tirgan siyosiy elita va ularning yaqinlari, aslida, zamonaviy va global dunyo bilan chambarchas bog'liq, deydi Aleksander Kuli. Faqat biz bilgan huquqiy va qonuniy asoslarda emas, deydi u.

"Chegara bilmas diktatorlar: Markaziy Osiyoda pul va qudrat" nomli kitobda yozilishicha, Markaziy Osiyo aslida o'z chegarasidan tashqaridagi iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlik masalalarida faol ishtirok etadi. Ammo bu faoliyatning aksari jamoatchilik ko'zidan panada, jahon xavfsizligiga turlicha ta'sir ko'rsatadigan ko'rinishlarda amalga oshadi, deydi mualliflar.

Aleksander Kuli kitob mualliflaridan biri. Unga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlariga oid eng katta miflardan biri, bu davlatlarning xalqaro iqtisody va siyosiy munosabatlarda izolyatsiyaga tushib qolgani haqidagi da'vodir. Ularning xalqaro iqtisodiy munosabatlari faqat kengayib boryapti, deydi u.

Mintaqaga oid yangi kitob: "Chegara bilmas diktatorlar: Markaziy Osiyoda pul va qudrat"
Mintaqaga oid yangi kitob: "Chegara bilmas diktatorlar: Markaziy Osiyoda pul va qudrat"

"Masalan, mintaqaning Xitoy va Rossiya bilan savdosini olib ko'raylik. 2001-yil Xitoy bilan savdo bir milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, oradan 10 yil o'tib bu raqam 30-50 millliard dollargacha chiqdi. Mintaqaning o'zida savdo bo'yicha to'siqlar bo'lsa ham, tashqi dunyo bilan savdo aloqalari kengayayapti", - deydi mutaxassis.

Region xorijdan ishchi mablag'lari oqib kelishi bo'yicha ham dunyoda yetakchi o'rinlarda.

"Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga ko'ra, Tojikiston yalpi milliy mahsulotining 65 foizini xorijdan kelgan mablag'lar tashkil etadi. Bu favqulodda bir statistika", - deydi amerikalik tadqiqotchi.

Mintaqada hokimiyatga yaqin shaxslar xalqaro moliyaviy institutlar, banklar bilan keng aloqa o'rnatgan. Noqonuniy qo'lga kiritilgan mablag'larni legallashtirish uchun ular, odatda, xorijdagi banklar, boshqalar nomiga ochilgan kompaniyalardan foydalanadi. Shunday ekan, deydi Aleksander Kuli, Markaziy Osiyoning muammosi tashqi dunyo bilan aloqalari zaifligida emas, balki kapital kirib chiqishida kleptokratiyaning juda ham kuchliligida.

"Muammo global izolyatsiyada emas, balki biz e'tibor bermaydigan, aslida oqibatlari jiddiy bo'lgan munosabatlarda", - deydi u.

Mamlakat iqtisodining yetarli darajada liberallashmagani, globalizatsiyadan uzilgani yana bir ko'p gapiriladigan, lekin aslida to'g'ri bo'lmagan qarash, deydi tadqiqotchi. Kuliga ko'ra, Turkmaniston va O'zbekiston bozorlarining ancha yopiq ekani to'g'ri, lekin mintaqaning barcha davlatlari xalqaro savdo va pul o'tkazmalarini amalga oshirishda xorijdagi ofshor kompaniyalaridan foydalanadi.

"Ofshor kompaniyalari soliqdan qochish, pul yuvish, investitsiyaning qayerdan kelayotganini yashirish kabi maqsadlarga xizmat qiladi", - deydi u.

O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbat beriladigan 850 million dollar miqdoridagi mablag' hozir AQShda muzlatib qo'yilgan. Bu pullar pora va boshqa yo'llar bilan qo'lga kiritilgani va ularni xorijdagi kompaniyalar orqali legallashtirishga urinilgani aytiladi.

Olimga ko'ra, o'tgan asrning 90-yillarida ko'p tilga olingan, lekin bugungi kunga mos kelmaydigan yana bir gap bu mintaqada boshqaruvning mahalliy an'analarga tayanishi va tor doiradagi klanlarga bog'liqligi haqidagi qarash.

"Bizningcha, Markaziy Osiyo elitasining ko'p vakillari global o'yinchilar sifatida ko'rilishi kerak. Ularning mahalliy ishlariga ko'p e'tibor berganimiz uchun global maqsad va harakatlari chetda qolib ketyapti", - deydi u.

Mutaxassisning aytishicha, bu elita vakillari mahalliy doirada qolmasdan, global fuqarolar bo'lishni xohlaydi. Bir necha davlatlarda yashash huquqlariga ega. Buni turli yo'llar bilan qo'lga kiritishadi: diplomatik pasportlar orqali, boshqa davlatlar pasportlarini sotib olish yoki siyosiy boshpana olish yo'li bilan, deydi Aleksandr Kuli.

"Buyuk Britaniya bir million funt-sterlingdan ortiq mablag' kiritgan investorlarga maxsus yashash huquqini beradi. Shunday viza olgan 1600 kishilik ro'yxatda 41 odam bilan Qozog'iston oltinchi o'rinda turibdi", - deydi u.

Mahalliy hududlarda siyosiy maydon toraysa, bu yerga sig'magan elita vakillari xorijga chiqib ketadi. Ular xorijdan siyosiy boshpana olgach, mamlakatga oid siyosiy jarayon ma'lum darajada xorijga ham ko'chadi, deydi tadiqoqtchi.

"Ikkinchidan, xorijdagi muxoliflarni ovlash ko'plab Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi siyosatning tilga olinmagan muhim vazifalaridan biriga aylangan", - deydi Kuli.

Asli markaziy osiyolik faollar va sobiq siyosatchilarning xorijda tazyiqqa olingani yoki o'ldirib ketilgani holatlari ko'p ro'y bergan.

Aleksandr Kuli fikricha, o'tgan chorak asr davomida Markaziy Osiyo davlatlari keng miqyosda globallashuvga yuz tutgan, faqat bu jarayon erkin emas, ya'ni nazorat ostida bo'lgan.

Shunday ekan, deydi u, bu o'lkalardagi demokratlashtirish jarayonlarini o'rganishda va davlat darajasida siyosat ishlab chiqishda, globalizatsiyaning ana shu jihatlarini hisobga olish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG