Breaking News

Qirgʻizistonda ayollarning choragi - oilaviy zoʻravonlik qurboni


Inobat Oʻsh shahridagi jamoatchi faollardan biri. U Qirgʻizistonda ayollarning teng huquqi uchun kurashib keladi.

Qirgʻizistonda ayollarning choragi - oilaviy zoʻravonlik qurboni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:39 0:00

Ayollarning faqat ayol boʻlgani uchungina kamsitilishi, huquqlarining poymol etilishi, zoʻravonliklarga duchor boʻlishiga qarshi Inobat oʻz maslakdoshlari bilan birga turli aksiyalarda ishtirok etadi.

Uning aytishicha, aksariyat ayollar oʻz huquqlari boʻyicha yetarli maʼlumotga ega emas. Ayniqsa oʻzbek oilalarida ayollar jabr ko’rsa ham mutaxassis yordamiga juda kam hollarda murojaat qiladi.

“Aksariyat oʻzbek oilalarida ayol kishining ishlashiga yoʻl qoʻyilmaydi. Buning ortidan esa ayollar erkaklarga moddiy qaram boʻlib qoladi. Baʼzi erkaklar bundan foydalanadi. Oilada zoʻravonlik boʻlsa ham ayol moddiy ehtiyoji sabab keta olmaydi. Chidashga majbur boʻladi. Bundan tashqari, “odamlar nima deydi” degan gap ularga oʻz huquqlari uchun kurashishga yoʻl qoʻymaydi.

Bizga kichikligimizdan “sen qiz bolasan, chidashing kerak, birovga aytmasliging kerak” deb uqtirilgan va koʻpchilik qiynalsa ham shunday qilib keladi. Bu esa birinchi navbatda ayollarning sogʻligʻiga koʻproq putur yetkazadi”, - deydi Inobat.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻizistonda yildan yilga maishiy zoʻravonlik holatlari koʻpayib bormoqda.

Mamlakatdagi ayollarning 83 foizi bir marta boʻlsa ham oilada ruhan kamsitishga, kaltaklanishga va jinsiy zoʻravonlikka duchor boʻlgan.

BMT Taraqqiyot dasturining Qirgʻizistondagi vakolatxonasi o’tkazgan tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo’lishicha, oʻtgan yili mamlakatda oilaviy zoʻravonlikka doir ishlarning 70 foizi tomonlarning oʻzaro kelishib olishi bilan toʻxtatilgan.

“Aq jurok” krizis markazi yetakchisi Dariqa Asilbekovaning aytishicha, oilaviy zoʻravonliklar asosan mustaqillikdan keyingi avlod tomonidan amalga oshirilmoqda.

“Bu davrlarga kelib, Qirgʻizistonda oila institutida oqsash paydo boʻldi, tarbiya masalasi eʼtibordan chetda qoldi. Bunga birinchi sabab migratsiyadir. Migratsiya esa kambagʻallikdan, yeyishga non topolmaganlikdan kuchaydi. Odamlar oqib keta boshladi. Bolalarini birovga tashlab ketdi. U bolalar esa mehrsiz oʻsdi. Ota-ona pul joʻnatyapman, degani bilan ota-onasi muhojirlikda boʻlgan bolalar maʼnan qashshoq boʻlib oʻsdi. Ular ota-onaga ham, atrofidagilarga ham befarq boʻlib qoldi. Ular shunchaki qorni toʻyib, yashab yurdi, xolos. Ularning maʼnaviyati, ichki dunyosi bilan hech kim shug’ullangani yoʻq. Biz 30 yilda maʼnaviy inqirozga kelib qoldik. Oilaviy zoʻravonliklar ham shu sababdan koʻpaymoqda”, - deydi Dariqa Asilbekova.

Statistikaga koʻra, Qirgʻizistonda har 17 qizdan biri ixtiyoriga qarshi olib qochilgan.

Joriy yil aprelida 27 yoshli Ayzada Qanatbekova ismli qiz oʻgʻirlanib, keyin oʻldirilgan. Ikki yil avval esa Burulay Tudali qizi majburlab nikohlash maqsadida olib qochilishi ortidan halok boʻlgan.

Jamoatchi faollar bu kabi voqealarga qarshi tinchlik mitingi oʻtkazib, hukumatdan oilaviy zoʻravonlik, qiz olib qochish holatlarining oldini olish va buning uchun jazoni kuchaytirishni talab qilib keladi.

Ichki ishlar vazirligi esa oilaviy zoʻravonliklar boʻyicha shikoyat arizalari koʻp hollarda qaytib olinishi bois ochilgan jinoiy ishlarni yopishga majbur boʻlishini aytadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG