Breaking News

Zilziladan ogohlantiruvchi yangi tizim yaratildi


Qo’shma Shtatlarning g’arbiy sohilidagi shtatlar zilzilaga moyil hudud. Kaliforniya shtati ulardan biri. Yer silkinishini tubdan o’rgangan seysmolog olimlar zilziladan ogohlantiruvchi yangi tizim joriy qilib, aholining tabiiy ofatga tayyorgarligini yaxshilash harakatida.

Kaliforniyada zilzilalar tez-tez bo’lib turishi aholini hushyorlikka undaydi. Ko’pchilik yiliga bir marta maxsus tayyorgarlik mashqlaridan o’tadi.

AQSh Geologiya markazi olimlari zilzilani oldindan aniqlay oladigan yangi tizim yaratdi. Seysmologlarga ko’ra, u dunyodagi eng mukammal inshoot.

“Dunyodagi eng ilg’or tizim bu. Yer silkinishi ehtimolini juda erta aniqlaydi. Zilzila paytida esa, uning o’chog’ini va xafv tug’diruvchi radius doirasini ham aniqlaydi”, - deydi seysmolog Richard Allen.

Geologiya markazi va Kaliforniya universiteti zilzilashunoslik fakulteti laboratoriyasi hamkorligida ishlangan tizim Kaliforniya, Oregon, Vashington shtatlari aholisini oldindan ogohlantirishni ko’zlaydi.

“Zilzila haqida ogohlantirishda, yer qimirlay boshlashi bilanoq kuchli zilzila ro’y berayotganday signal bo’lishi kerak, toki odamlar o’zini panalab ulgursin”, - deydi laboratoriya xodimi Peggi Xelveg.

Tizim silkinish to’lqinini sezadigan sensorlarga ulangan.

“Sensorlar yuza bo’ylab joylashtirilgan. Zilzila silkinishidagi nozik o’zgarishlarni aniqlay oladigan algoritm asosida ishlaydi. Boshqa hech bir tizimda bunday imkoniyat yo’q”, - deydi Richard Allen.

Olimlar bu tizim zilzilaga moyil hududlarda aholi xafvsizligi yo’lida xizmat qilishiga umid bog’lamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG