Breaking News

Janubiy Qirg’izistonda tabiiy ofatlar ko'paymoqda


O'tgan oy oxirida O’sh viloyati O’zgan tumanida ro’y bergan yer ko’chkisi 24 nafar inson halokatiga sabab bo’ldi.
O'tgan oy oxirida O’sh viloyati O’zgan tumanida ro’y bergan yer ko’chkisi 24 nafar inson halokatiga sabab bo’ldi.

So’nggi kunlarda qayd etilgan o’n zilzila oqibatida Qirg’izistonning Chon Oloy tumanida sakkiz yuzdan ziyod turar-joy binosi va uch maktab zarar ko’rgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, uy-joylarning devorlari darz ketgan, aytilgan uch o’quv joyi esa yaroqsiz holatga kelgan.

Shuningdek, Jalolobod viloyatining Moylisuv shahrida ikki yirik ko'chki harakatga kelib, 45 uyga tahdid qilayotgani ma’lum.

O'tgan oy oxirida O’sh viloyati O’zgan tumanida ro’y bergan yer ko’chkisi 24 nafar inson halokatiga sabab bo’lgan edi. Kuni-kecha AQSh prezidenti Qirg’iziston ahliga hamdardlik izhor qilib, Qo’shma Shtatlar yordam ko’rsatishga tayyor ekanini aytgan.

Mutaxassislarga ko’ra, oxirgi yetti oy mobaynida Qirg’izistonda yo’gingarchilik odatdagidan deyarli uch baravar ko’p bo'lgan. Qolaversa, yuz bergan zilzilalar yumshab qolgan yer qatlamlari harakatga kelishiga turtki bermoqda.

Hozirda mutaxassislar hamda qutqaruv guruhlari Moylisuv shahrida kuzatuv olib borayotir. Ko’chki tahdid solayotgan xonadonlar bexavotir joylarga ko’chirilmoqda.

Aytish joizki, ushbu shahar chekkasida sovetlar davridan buyon uran chiqindi konlari mavjud bo’lib, bir necha yil muqaddam xalqaro moliyaviy tashkilotlar ko’magida ularni turli tahdidlardan muhofaza qilish ishlari amalga oshirilgan edi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Jalolobod viloyat boshqarmasi muvaqqat boshlig’i Abdisharip Bekilovga ko’ra, tog’li hududlarda vaziyat og’irligicha qolmoqda.

“Xonadonlarni ko’chirayapmiz, boshqa joyga ko'chishni istamayotganlar ham oz emas. Yordam ham yetishmaydi”, - deydi mulozim.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’iziston hududida 2500 ga yaqin ko’chki xavfi mavjud maydoq qayd qilingan. Xatarli joylarda yashayotgan xonadonlarning ma’lum qismi keyingi yillarda boshqa maskanlarga ko'chirilgan. Ammo kamida uch ming oila uy-joylarini hanuz tark etmagan.

Mutaxassislarga ko’ra, odamlarni yangi boshpana bilan ta’minlash va yangi joyga moslashtirish uchun katta mablag’ darkor. Shuningdek, qator ruhiy, tashkiliy muammolarni ham yechish lozim.

XS
SM
MD
LG