Breaking News

Ukraina sharqida OITS keng tarqalgan


Kiyev, Ukraina
Kiyev, Ukraina

Qo'shni Rossiya singari Ukrainada ham yuqumli kasalliklar epidemiyasi qanot yozib, OITS (Orttirilgan Immunitet Taqchilligi Sindromi), Gepatit C va silning og'ir turi tarqalgani kuzatilmoqda.

2014-yildan beri nohukumat tashkilotlar yordamida bu holatga qarshi kurashda ancha yutuqlarga erishildi, deydi mutaxassislar, lekin Qrimda, ya'ni Rossiya bosib olgan hududda va federatsiya ta'siri ostidagi sharqiy viloyatlarda epidemiyaga nisbatan chora-tadbirlar susaygan.

BMTning OITS va unga yetaklovchi virusga qarshi kurash bo'yicha mintaqaviy vakili Maykl Kazachkin Kiyevdan turib so'zlar ekan, sog'liqni saqlash tizimi qashshoqlashib, tibbiy xizmat sifati tushib ketgani va shaxsiy gigiyevaga e'tibor pasayganini muhim omillar sifatida tilga oldi. Ukraina sharqida aholi orasida jinsiy aloqada himoyalanish vositalari juda kam ishlatilishi aniqlangan. Shuningdek, 2005-2015-yillar orasida mamlakatda giyohvandlik va narkotiklar iste'moli oshgan.

BMTning OITS va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashuvchi idorasi vakili Maykl Kazachkin
BMTning OITS va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashuvchi idorasi vakili Maykl Kazachkin

Gap butun aholi haqida ketmayapti, deydi Kazachkin, balki muayyan guruhlar xavotirga molikdir. Immunitet taqchilligi virusiga chalinganlarning 30-35 foizi muolaja olish imkoniyatiga ega. Aslida ularning yarmigina kasal ekanini biladi. Xavfli virus bilan yashayotganlarning aksariyati, deydi mutaxassis, bundan xabardor emas.

Notinch hududlarda salomatlikka e'tibor pasayib, yashash uchun kurash, ya'ni qorinni to'ydirish va tirik qolish asosiy maqsadga aylanadi. Aholiga xizmat ko'rsatuvchi muassasalarda odamlar kamayadi, malakali xodimlar ozayadi. Bu esa kasalliklarning keng tarqalishiga olib boradi.

"Ukraina sharqida anchadan beri shunga guvohmiz", - deydi Kazachkin.

Rossiya nazoratidagi Qrimda yangi qonunlar hukmron. Ularning ayrimlariga ko'ra, xavfli viruslarga qarshi kuchli opioid preparatlar ishlatish mumkin emas. Donetsk va Luganskda ham shunday sharoitga guvohmiz. Buning ustiga dori-darmon ta'minoti ishdan chiqqan.

Odessa, Ukraina
Odessa, Ukraina

Luganskdagi Ukrana Jamoat Salomatlik Uyushmasidan Nataliya Hurova deydiki, uning tashkiloti 2014-yildan beri faoliyatini kuchaytirib, kichik shaharlar va qishloqlarda ishlaydi.

“Turli amaliyotlar va muolaja turlari taklif qilamiz. Mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlik qilamiz. Ular bizga imkoniyat berishadi, chunki tushunadiki, odamlarning sog'lig'i chatoq", - deydi Hurova.

Lekin dori-darmon olib kelish amri mahol. Luganskka kelayotgan mahsulotlar Donetskdan o'tishi kerak. Bu esa jangari kuchlar belgilagan yangi chegaralardan o'tishni talab etadi. Bir dunyo qog'oz kerak - hujjatlar va tasdiqnomalar. Kasallik esa kutib o'tirmaydi. Viruslar og'irlashib, odamlar nobud bo'lmoqda, deydi mutaxassislar.

Hurovaning tasvirlashicha, ko'plab fuqarolar davolanish uchun boshqa joyga ko'chishga urinadi, lekin tirikchilik qiyinligi sabab, moddiy imkoniyati cheklangan. Mahalliy ravishda dori ishlab chiqarishga harakat qilayotganlar bor. Ularning mahsulotlari ishonchli emas. Soxta dori sotayotganlar talay.

Mashaqqatga qaramay Hurovaning tashkiloti prezervativ va boshqa himoya vositalarini tarqatishni yo'lga qo'ygan. Aholi orasida targ'ibot olib boradi.

Andriy Klepikov, Jamoat Salomatligi Alyansi rahbari, Kiyevda o'tgan anjumanda aytganidek, xalqni sog' saqlash uchun iroda yetarli bo'lsa, buning iloji bor.

Uning tashkiloti Qrim va Donbassda ishlaydi. Yaqin kelajakdagi maqsadi aholining kamida 90 foizini ko'rikdan o'tkazish, bemorlarning kamida 90 foiziga muolaja taklif qilish va ularning kamida 90 foizini oyoqqa turg'azib, normal hayotga qaytarish.

OITS qurbonlariga qo'yilgan yodgorlik, Kiyev
OITS qurbonlariga qo'yilgan yodgorlik, Kiyev

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG