Breaking News

Ebolaga chalingan tibbiy xodimlar uchun ilk klinika ochildi


AQSh va Liberiya hukumatlari Ebola virusini yuqtirgan shifokorlar uchun 25 o’rinli kichik kasalxona ochdi. Klinika poytaxt Monroviya yaqinida joylashgan.

U yerdagi muxbirimiz Prins Kollinsning hikoya qilishicha, kasallikka qarshi kurashga mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun, avvalo, sifatli muolajani yo’lga qo’yish zarur.

Monroviyadagi bir qamishzorni kasalxonaga aylantirish uchun AQSh harbiylari bir oydan ko’p vaqt sarfladi. “Chegara bilmas shifokorlar” hamda Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qurilgan.

Inshootda bir paytning o’zida 25 bemor davolansa bo’ladi. Shifokolarning deyarli hammasi Amerikadan. Bu Afrikada tibbiy xodimlarni Eboladan davolovchi ilk muassasa.

AQSh Bosh vrachi muovini, admiral Skot Giberson klinikani xavfli virusni yengish uchun boshqa mamlakatlardan kelayotgan barcha shifokorlar uchun mayoq deya ta’riflaydi.

“Xizmatga otlangan jasur insonlarga yordam ko’rsatish, ularning xavfsizligini ta’minlash bizning vazifamiz”, - deydi admiral.

Tibbiy xodimlar Ebola virusini yuqtirib olishi oson, chunki ular har kuni kasallik o’chog’ida ishlaydi, bemorlar bilan bevosita aloqa qiladi.

Afrikada bu virusdan 300 dan ziyod shifokor halok bo’lgan, shuning yarmi Liberiyada. Epidemiyaning ilk kunlarida maxsus kiyim kiyish talab qilinmas, treninglar hali yo’lga qo’yilmagan edi.

Ebola erta aniqlansa, bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Yangi kasalxonada bemor ahvoli yaqindan kuzatiladi va davolanadi.

Liberiya prezidenti Ellen Jonson Sirlef shu hafta klinikani ko’zdan kechirdi. Uning aytishicha, Ebola bilan kurashda o’z hayotini xavf ostiga qo’yayotgan tibbiy xodimlar ham eng ilg’or muolajaga loyiq.

Jahon bo'ylab Ebola virusidan o'lganlar soni qariyb 5 mingga yetdi, kasallikka chalinganlar soni esa 14 mingga yaqinlashmoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti so'nggi raqamlarni e'lon qilar ekan, epidemiyaning tarqalish sur'ati sekinlashganini qayd etadi.

Ebola o'chog'i hisoblangan uch davlat - Gvineya, Liberiya va Syerra-Leoneda virus shu kungacha minglab odamning yostig'ini quritgan. Qo'shma o'lkalar ham ogoh turishi kerak, deya ogohlantiradi shifokorlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG