Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahri atrofidagi qochoq va muhojirlar ingliz tilini o’rganish uchun shahar kutubxonalaridan biriga qatnaydi. Bu yerdagi mashg’ulotlar noan’anaviy tarzda, pazandalik sirlari orqali o’qitiladi.
Dunyoning turli nuqtalaridan kelgan qochoq va muhojirlar Filadelfiya shahri kutubxonasida “Yeyiladigan alfavit” loyihasi doirasida ingliz tilini o’rganishadi. Mashg’ulotlar loyiha nomiga ko’ra kutubxona oshxonasida o’tadi.
“Oziq-ovqatlardan o’quv materiali sifatida foydalanamiz. Har hafta yangi retsept asosida yangi so’zlar, mahsulotlar nomi, bozor-o’chor, muloqot qilishni o’rganishadi”, - deydi loyiha rahbari Liz Fitjerald.
O’quvchilar boshqa boshqa tilda so’zlovchilar bilan guruhlanadi. Bu safargi mavzu pitsa tayyorlash.
Bu loyiha ochilganiga uch yil bo’ldi. Unga Filadelfiya shahridagi notijorat markazlardan biri asos solgan. Tashkilot qiynoq va tahqirlardan omon qolgan qochoq va muhojirlarni yangi davlatga ko’nikishini yengillashtirishni maqsad qiladi.
“Ayollar ayniqsa, deyarli ingliz tilini bilmay kelishadi. Lekin mashg’ulotlar tugashiga yaqin, ular oilasi, o’zlari haqida gapira boshlaydi. Ularni suhbat qura oladigan darajaga yetganini ko’rish bizni quvontiradi. Demak, loyiha ish beryapti”, - deydi Liz Fitjerald.
“Yeyiladigan alfavit” - olti haftalik kurs. Mashg’ulotlarni ikki o’qituvchi olib boradi. Biri ingliz tilini, ikkinchisi oshpashlikni o’rgatadi.
“Retseptlarni shunday tanlaymizki, til o’rganish bilan birga Amerika oshxonasi, bu yerning madaniyati haqida ham tasavvurga ega bo’lsin. Masalan quymoq pishirish mavzusi bo’lsa, albatta Amerikacha nonushta haqida ham gapiramiz”, - deydi oshpaz o’qituvchi Jeymson Odonnel.
O’quvchilar darsda pazandachilik bilan shug’ullanadi. Pishirgan ovqatlarini birga o’tirib yeyishadi, muloqot qiladi.
“Dars jarayonini juda yoqtiraman. Oddiy til kurslaridan ko’ra foydasi ko’pligini sezaman”, - deydi iroqlik o’quvchilardan biri.
“Talabalar Filadelfiya shahrida, ayniqsa bizning darslarimizda o’zlarini xavfsiz, erkin his qilishini aytishadi. Maqsadimiz ham shu aslida”, - deydi Liz Fitjerald.
Facebook Forum