Breaking News

Misrda yahudiy davlatiga qarshilik kuchaygan


Qohirada Isroilga qarshi namoyishlar
Qohirada Isroilga qarshi namoyishlar
Amerika rahbari bu hafta Isroil, Falastin va Iordaniyaga safar qilar ekan, Misr va yahudiy davlati orasidagi aloqalar taranglashgan. Qohiradan "Amerika Ovozi" muxbiri Elizabet Arrotning xabar berishicha, hozir qo’shni davlatga nisbatan nafrat yanada kuchaygan bir davr.

Misr-Isroil/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00
Yuklab oling

Misrda islomiy partiya, Musulmon Birodarlar, hokimiyatga kelgani Isroil bilan 30 yillik tinchlikka raxna solayotgandek. Jamoatchilik orasida bugun shunday xavotir bor.

Lekin prezident Muhammad Mursiy tinchlik shartnomasi amalda qoladi deya va’da bergan. Islomiy partiya yahudiy davlatini noqonuniy deb biladi, ammo Misrning oldingi hukumati imzolagan bu bitim buzilmaydi, deydi u.

Amr Darrag Musulmon Birodarlar harakatining yetakchi siyosatdonlaridan va koalitsiyadagi “Erkinlik va Adolat” partiyasi liderlaridan biri.

“Tinchlik adolatga asoslanishi lozim, ammo Misr bugun hech kim bilan urishmoqchi emas. Biz mas’uliyatli siyosiy kuchmiz, bu degani bizga yoqadimi yo’qmi, oldingi bitimlarni hurmat qilib, bu davlat o’z bo’yniga olgan majburiyatlarga sodiq qolamiz”.

Ammo Misrda shunday mutaassib guruhlar borki, ular Mursiyni yuqoridagi kabi va’dalardan qaytishga, musulmon dunyosida yetakchilikni qo’lga olib, Isroilni la’natlashga chaqirmoqda.

Mursiyni subutsizlikda ayblayotganlar orasida dunyoviy, liberal qarashdagi faollar ham bor.

Voil Xalil ulardan biri:

“Mursiy juda pragmatik rahbar chiqdi. Axir, Musulmon Birodarlar yillar davomida Isroil bosqinchi, Falastin azob-uqubatda, yahudiy davlati yo’q bo’lsin deb kelgan. Bu mafkura qayda qoldi endi?”

Voil Xalil deydiki, Misr ahli Falastin xalqini o’ziga juda yaqin tutadi va uning dardiga sherik.

“Biz doimo Isroilni qoralab kelganmiz va sobiq rahbarimiz Husni Muborakning oldi-berdilaridan, siyosatidan norozi bo’lib ko’chaga chiqqanmiz. Falastin Isroilga qarshi oyoqqa turganida biz ularni quvvatlaganmiz”.

Misrda sionizmga qarshilik va yahudiylarga nafrat kuchayganini tan olish kerak, deydi Xalil.

Prezidentlikka kelishidan oldin Muhammad Mursiy yahudiylarga nisbatan nafratomuz gaplar aytib, maxsus videolar chiqargan. Hozirda u bu bayonotlarni butun yahudiy xalqi emas, aynan sionistlarga qarshi aytganini da’vo qilmoqda.

Misrda azaldan yashab kelgan yahudiylar bugun kelajak mavhum deydi. Yaqin yillarda ularga nisbatan g’azab kuchaysa kuchayadiki, tushmaydi, degan xavotir hukmron.

Sobiq razvedkachi Samih Saif al Yazal fikricha, siyosatchilar buni juda yaxshi biladi.

“Isroilni yomonlash bizning siyosatchilarimizga hozir kuch beradi. Yahudiy davlatini qoralash bilan ular odamlar orasida ko’proq quvvatlovga ega bo’ladi”.

Ammo, deydi al Yazal, Isroil – iqtisodiy va harbiy jihatdan ancha tetik qo’shni. Shu bois Misr rahbarlari uni qanchalik yomonlamasin, yahudiy davlat bilan yaqin aloqada bo’lishga majbur.

"Shuning uchun gazeta va telekanallardagi nafratomuz gap-so’z amalda ko’p narsani anglatmaydi. Haqiqat shuki, Isroil va bugungi yangi hukumatimiz normal munosabatda. Bir-biri bilan kelishib, ishlayapti”.

Mursiyning liberal va konservativ tanqidchilari nima deyayotganidan qat’i nazar, islomiy partiyalar va ularning lideri Isroilga qarshi biror qadam tashlagani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG