Breaking News

Rossiya samolyoti Misrda xurujga uchragan bo'lishi mumkin


Falokat joyi
Falokat joyi

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Misrning Sinay yarimorolida halokatga uchragan Rossiya yo'lovchi samolyoti terror xuruji nishoniga aylangan bo'lishi mumkin.

"Samolyot bomba portlashi oqibatida qulagani haqiqatga yaqinroq", - dedi u.

Kameron bu haqda Londonga tashrif buyurgan Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy bilan muloqotdan oldin so'zlagan.

Fojia natijasida 224 odam halok bo'lgan, aksariyati Rossiya fuqarolari.

Misr va Rossiya fojia sabablarini birgalikda tergov qilmoqda, dalillar o'rganilmoqda, qora qutilardagi ma'lumotlar tahlil qilinmoqda.

AQSh rasmiylarining razvedka ma'lumotlariga tayanib bildirishicha, halokatdan oldin hududda jangarilar xuruj rejasini muhokama qilgan va bomba aeroport xodimi yordamida samolyotga olib kirilgan bo'lishi mumkin.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, barcha dalillar o'rganilmaguncha xulosa va taxmin qilinmaydi.

"Islomiy davlat" jangari guruhi samolyotni urib tushirganini da'vo qilmoqda, biroq buni isbotlovchi dalil keltirmagan.

Sissiy "Islomiy davlat" da'vosini safsata, tashviqot deb jiddiy qabul qilmagan.

Rossiyalik sharqshunos olim, Yaqin Sharq instituti prezidenti Yevgeniy Satanovskiyning taxmin qilishicha, bu ishga Qatar qo'l urgan bo'lishi mumkin.

Olim nazarida Qatar va Turkiya Misrda terrorchi tashkilot deb tan olingan "Musulmon birodarlar" harakatini qo'llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, deydi Satanovskiy, Qatar Suriyada "Islomiy davlat"ni moliyalamoqda va Rossiyaning jangarilarga qarshi havo hujumlari uni g'azabga solgan.

Aviafalokat natijasida nobud bo'lgan odamlarning jasadlari Rossiyaga yetkazilmoqda.

Britaniya o'z yo'lovchi samolyotlariga Sinay yarimoroli uzra parvoz qilishni vaqtincha man qildi. Fransiya aviakompaniyasi, Luftganza, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar havo yo'llari ham hudud uzra parvozlarni to'xtatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG