Breaking News

Misr ahlini birdamlikka undayotgan ayol


Shirin Fodil dugonalari bilan.
Shirin Fodil dugonalari bilan.
Misrda siyosiy qutblashish kuchaygan, jamiyat ikkiga bo’lingan. Ba’zilar yangi hukumatni qo’llab-quvvatlasa, boshqalar “Musulmon birodarlar” va prezident Muhammad Mursiy qaytsin, demoqda. Bir qohiralik ayol esa mana shu tafovutni yo’q qilishga bel bog’lagan.

Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishini aksariyat misrliklar qo’llab-quvvatlagan. Shirin Fodil esa uning qaytishini istaydi.

Mursiyning Shirin yashaydigan uy devoriga yopishtirilgan surati yirtib tashlangan. Jamiyatda ham “Musulmon birodarlar” faoliyatini unutishni istovchilar ko’p.

Shirin Fodil muslima, hijobda yuradi. Lekin uning uchun eng muhimi islomchilarning qaytishi emas, balki demokratik amaliyotni oyoq-osti qilmaslik.

“Men demokratiyaga ishonaman. Saylov o’tkazilganidan, konstitutsiya qabul qilinganidan juda xursand edim. Saylov uchastkalarida odamlar navbatda turganini ko’rib o’zimni baxtiyor sezgandim,” - deydi u.

Shirin juda faol. 2011-yilda Tahrir maydoniga chiqqan, hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan. Shu yil avgust oyida esa general Abdul Fattoh al-Sissiy hokimiyatiga qarshi chiqqan namoyishchilar bilan birga Rabo maydonida o’qlar ostida turdi.

Siyosat uning oilasini ham ajratib qo’ydi.

“Ota-onam, opalarim, pochchalarim, ikki xolam Sissiy tarafdorlari,” - deydi u.

Lekin ulardan hech biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashishni istamadi. Shirin deydiki, oilasi qo’llagan taraf g’alaba qozongan bo’lsa-da, odamlar orasida qo’rquv yana kuchaydi.

“Ular, birinchi navbatda, biz bu haqda gaplashmasligimiz kerak, deydi. Siyosat haqida, hech narsa haqida gaplashmaylik, deb aytadi”.

Shirin Fodil esa faol. “Facebook” internet tarmog’i orqali Mursiyni qo’llab halok bo’lganlar haqida gapiradi. 14-avgust kuni hokimiyatga qarshi namoyishlar paytida nobud bo’lgan safdoshlari haqida ma’lumot beradi.

U, shuningdek, fuqarolar orasida itoatsizlik kampaniyasini olib boradi, shu jumladan namoyishlar paytida uyali telefonlarni o’chirib qo’ygan telekommunikatsiya kompaniyalarini boykot qilishga, davlat idoralariga maishiy xizmat uchun to’lovlarni to’lamaslikka undaydi.

“Kampaniyadan maqsad - hukumatni jazolash. Ular odamlardan hech qanday daromad ololmasin,” - deydi u.

Hukumatning fuqarolar internet faoliyatini tekshirishidan cho’chigan Shirinning otasi internetda qizining sahifasini ko’rmaydi.

Shunga qaramay Shirin Fodil oilasi bilan yarashish tarafdori. Butun jamiyat shunday qilishi kerak, deydi.

"Fikrimiz farq qilishi mumkin, lekin biz insonmiz-ku. Birga, yonma-yon yashashimiz kerak. Ko’plar buni tushunmaydi,” - deydi u.

Islomchilarni hokimiyatdan quvganlar saylovda g’alaba qozonsa, men ularni tan olaman, qo’llab-quvvatlayman. Demokratiya ko’rinishlaridan biri – bir-biriga hurmat, deydi Shirin Fodil.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG