Breaking News

AQShda saylov oldidan kiber xavfsizlik eng muhim masala


AQShda 2020-yilgi prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, ularni xorijiy manipulyatsiyadan himoya qilish rasmiylar va qonunchilar oldidagi eng muhim masalaga aylangan. AQShning razvedka idoralari 2016-yilgi saylovga Rossiya aralashgani aniq, deya xulosa qilgan edi. Maqsad - kelasi yili bu hol takrorlanishining oldini olish.

Yaqinda Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida so’zlagan senator Kris Van Xollenga ko’ra, Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashuvi oqibatlari barcha shtatlarda sezilgan.

“Rossiya yoki boshqa davlat saylovga aralashishdan nima foyda ko’radi? Ular jamiyatni bo’lib qo’yishga intiladi. Tabiiyki, ular muayyan nomzodga yon bossa, saylov natijasiga ham ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.

Impichment va 2020-yilgi saylovlar xavfsizligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:37 0:00

Ekspertlarning aytishicha, kiber hujumlar bilan tanilgan mamlakatlar, jumladan Rossiya, o’z usullarini takomillashtirishda davom etmoqda.

“Xakerlar ilk bor elektr tarmog’ini ishdan chiqarishi 2015-yilda Ukrainada ro’y bergan edi. Rossiya bu ishni qisman eksperiment sifatida amalga oshirgan, kiber hujumlar uchun Ukrainadan sinov maydoni sifatida foydalanishgan. Ukrainada ro’y bergan narsa butun dunyoga tarqalishini kutgan edik. Shunday bo’ldi ham”, - deydi jurnalist Endi Grinberg.

Vashingtondagi Milliy mudofaa universitetidan Aleks Krauterga ko’ra, Rossiya kiber maydonda kamida 10 yildan beri faol. 2007-yilda Estoniya, 2008-yilda Gruziya hujumga uchragan edi. Hozir esa AQSh nishonda. Rossiya, deydi Krauter, kiber xurujlarini niqoblashda ustasi farang.

“Ular kiber xuruj va dezinformatsiya kabi noan’anaviy usullar bilan urush olib bormoqda”, - deydi Krauter.

Jurnalist Endi Grinberg fikricha, dunyo hamjamiyati bir yoqadan bosh chiqarib, kiber hujumlarni man etuvchi xalqaro standartlarni ishlab chiqishi lozim.

“Bir-birimizni bu yo’ldan qaytara olishimiz, global hamjamiyat sifatida ma’lum standartlarga rioya qilishimiz, tinch aholiga nisbatan kiber hujumlarni qo’llamaslikka kelishib olishimiz lozim. Keyinchalik Jeneva konvensiyasi singari hujjat ishlab chiqsabo’ladi. Parvozlar taqiqlangan zonalar kabi, kiber maydonda ham hujum taqiqlangan zonalar bo’lishi darkor. Masalan, harbiy nishonga hujum qilish mumkin, lekin kasalxonaga qilsansiz sudga tortilasiz”, - deydi u.

Internetdan foydalanishda savodxonlikni oshirish ham muhim.

“Kiber hujumlarning 90 foizi elektron pochtangizga kelgan shubhali maktublarni ochishdan boshlanadi. Soxta xabarni ajrata bilish kerak. Axborot va axborot texnologiyalaridan to’g’ri foydalana olish eng muhimi”, - deydi Krauter.

AQShda oxirgi 15 yil ichida davlat sektori va bizneslar kiber xavfsizlik uchun sarfiyatni 3500 foizga oshirgan. Kiber jinoyatlar sur’ati oshishda davom etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG