Breaking News

AQSh razvedkasini qanday masalalar uxlatmaydi? 


G'arb boshchiligidagi xalqaro tartib buzilayotgan, texnologiya tezlikda o'zgarayotgan zamonda AQSh razvedka idoralari keyingi to'rt yildagi faoliyatini belgilab olishi kerak.

Yangi milliy razvedka strategiyasi "ham Amerikada, ham xalqaro maydonda mavjud chigal muammolar" haqida ogohlantiradi. Unda shaffoflik va "haqiqatni gapirishga" urg'u beriladi, deydi AQSh razvedkasi rahbari Den Kouts.

Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tartib yemirilayotgani, G'arb davlatlarida kuzatilayotgan izolyatsion tendensiyalar muammolar qatorida sanab o'tilgan. Razvedka sohasida ishlagan sobiq rahbarlar bunda Prezident Donald Trampni ayblashadi.

Tramp, ma'lumki, Vladimir Putin kabi g'anim davlatlar rahbarlari haqida iliq so'zlaydi, azaliy ittifoqchilarni esa keskin tanqid qiladi.

Yangi hisobot prezidentga tanbehmi? Rasmiylarning javobi shuki, bunday tendensiyalar ancha yillardan buyon kuzatilmoqda.

Ilg'or texnologiyalar kattayu-kichik davlatlarga AQShga yetishib olish imkonini bermoqda.

"Ayniqsa Rossiya bizga yetishib olish uchun bu qadar g'ayrat bilan harakat qilganini 1980-yillardan buyon ko'rmaganmiz", - deydi rasmiylardan biri.

Xitoy ham texnologiya rivoji uchun katta sarmoya ajratib, sanoat sirlarini o'g'irlash va ularni harbiy maqsadda qo'llashni davom ettirmoqda.

Kiber va fazoviy xavfsizlik

Hozirgacha Rossiya va Xitoy bilan raqobatning katta qismi kiber maydonda ro'y bergan bo'lsa, endi poyga fazoda ham avj olmoqda, deyiladi hisobotda. Bu ikki davlat sun'iy yo'ldoshlarni urib tushirishga qodir qurollar yaratayotgani AQShning razvedka ma'lumotlarini to'plash qobiliyatiga jiddiy zarba bo'ladi.

Buning ustiga, bio- va nanotexnologiyalarning nafaqat davlatlar tomonidan, balki shaxslar va guruhlar tomonidan qurol sifatida qo'llanishi ehtimoli ham xavotirga molik. Razvedka mutasaddilari Rossiya va Xitoy kabi g'animlar ba'zida ittifoqchi bo'lib ish tutayotganini, hukumatlar qora ishlarni buyurtma asosida amalga oshirayotganini ham ta'kidlaydi.

AQSh razvedka organlari bunga javoban ham azaliy ittifoqchilar bilan, ham xususiy sektor bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda.

"Ish uslubimiz o'zgarishi kerak. Razvedka organlari potensial tahdidlar haqidagi ma'lumotni xususiy texnologiya kompaniyalari bilan baham ko'rishni boshlagan, ayniqsa kiber xavfsizlik sohasida", - deydi rasmiylardan biri.

Yangi milliy razvedka strategiyasida qayd etilishicha, muhim axborot tarmoqlari va infrastruktura himoyasi kiber xavfsizlik bo'yicha razvedka ma'lumotlarini baham ko'rishni taqozo etadi.

Hisobot AQSh hukumati siyosiy kelishmovchiliklar sabab bir oydan oshiq yopilgan bir paytda taqdim etildi. Barqaror byudjet ta'minlanmasa, AQShning razvedka sohasidagi sa'y-harakatlari pand beradi, degan ogohlantirish ham bor. Chunki organlar to'g'ri qarorlar qabul qilishi uchun resurslar haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG