Breaking News

Ayollar taqdirini yoritgani uchun jazolangan eronlik muxbir


Fotojurnalist Yalda Moayiriy xalqaro mukofotlarga sazovor bo'lgan
Fotojurnalist Yalda Moayiriy xalqaro mukofotlarga sazovor bo'lgan

Yalda Moayiriy 23 yillik faoliyatida o'nlab mamlakatlarda ishlab, muhim jarayonlarni tasvirga tushirgan, jumladan Afg'oniston, Pokiston, Somali va Yamandagi mojarolarni yoritgan. O'tgan yili vatanida namoyishlarni suratga olayotganida ushlanib, do'pposlangan va panjara ortiga tashlangan.

41 yoshli fotojurnalist hozirda tovon evaziga ozodlikda, ammo olti yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Sud uni davlatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topgan. Ikki yilga ijtimoiy tarmoqlarda taqiqlangan, uch yilga esa ishlashi man qilingan. Shu yilning dekabr oyidan qamoq jazosini o'tay boshlaydi.

AQShagi Xalqaro ayollar media fondi Moayiriyni taqdirlab, yilning qahramon jurnalisti deya e'lon qildi. Unga Vollis Annenberg nomidagi sovrin berildi.

"Uning aygi - vatanidagi xotin-qizlar taqdiri haqida keng ommaga axborot bergani", - deydi Eliza Lis Munyoz, xalqaro fond rahbari.

"Tasavvur qiling, shuning uchun bu ayol hamkasbimiz hukumat ko'zida dushman va jinoyatchi. Aslida elining jasur farzandi".

Eronda o'tgan bir yil ichida kamida 95 jurnalist qamalgan. Mahsa Aminiy ismli kurd talaba hibsda jon bergach boshlangan norozilik chiqishlari keng tus olib, axborot vositalari diqqatida ekan, xavfsizlik kuchlari ishtirokchilarni jazolashga tushdi.

Ular o'nlab sonlarda hibs qilindi, sudlandi, aybdor deb topilib, ko'pi qatl etildi, asosan yoshlar.

Moayiriy yozma bayonotida deydiki, u xalqaro mukofotdan minnatfor, ammo uning kasbi va sohasi Eronda hozir mutlaq yo'q qilingan.

Mojarolarni yoritib tanilgan Yalda Moayiriy vatani Eronda qamoqqa hukm qilingan
Mojarolarni yoritib tanilgan Yalda Moayiriy vatani Eronda qamoqqa hukm qilingan

"Ayol jurnalistlarning ovozini o'chirish yovuz hukumatlarga yanayam oson, chunki ular ayol va zaif, deb hisoblashadi. Aslida bu mutaxassislardan rejim juda qo'rqadi, chunki ularning ta'siri keng va kuchli", - deydi Munyoz.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, qamoqdagi ayol muxbirlarga munosabat ayniqsa shafqatsiz. Ularni zo'rlash, turli yo'llar bilan xo'rlash kuzatiladi.

"Erkaklar ham azoblanadi, bilamiz, ammo, xususan Eronda, ayol bo'lsangiz, hukumat sizga nisbatan yanayam zolim".

Endilikda xalqaro e'tibor pasaygan, lekin Tehron va boshqa shaharlarda namoyishlar davom etmoqda.

O'nlab jurnalistlar qamoqda va ularning taqdiri haqida hukumat hech qanday axborot bermaydi. Ularni faqat sudga olib borishganida suratini chiqarishadi. Oilalar ham hatto nima bo'layotganini bilmaydi.

Yalda Moayiriy jim turmoqchi emas. "Dushman emasman, jinoyatchi emasman", - deydi u.
Yalda Moayiriy jim turmoqchi emas. "Dushman emasman, jinoyatchi emasman", - deydi u.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan eronliklar Yalda Moayiriy singari fotojurnalistlar sabab nafaqat butun mamlakat, balki dunyo ahli real vaziyat haqida xabardor, deydi. Video va fotolar haqiqatni aks ettiradi.

Tehrondagi dindor rahbarlar aynan shundan qo'rqadi, deydi ekspertlar. Kamera ko'targan fuqaro ular nazarida qurollangan odamdan ham qudratli, chunki ichkaridagi qabih ishlarni bir zumda tashqariga ayon etib, hukumatning jinoyatlarini oshkor qilishga qodir.

"Jurnalistlarni qamash, jazolash. ularni yuzlab kun zulmatga tashlash - tuzum naqadar qo'rqoq va vijdonsiz ekanidan dalolat", - deya yozadi Moayiriy.

"Men undan qo'rqmayman. Qamoqdagi hamkasblarimga hamdardman".

Huquqlari tinimsiz buziladigan eronliklar orasida ularning dardini xatlab boradigan ayollar ko'p, deydi jurnalist. Ular bundan to'xtamaydi, deya ishonadi u.

"Menga berilgan mukofot xalqimning qo'rqmas farzandlarining hammasiga tegishli".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG