Breaking News

Erdog'an qochqinlarni Suriyaga qaytaradimi yoki Yevropaga chiqaradimi?


Suriyadagi ko’p yillik mojaro millionlab qochqinlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, qochqinlarning katta qismini qabul qilgan Turkiyaning oktabr oyida boshlangan harbiy amaliyoti qo’shimcha qochqinlarga sabab bo’lishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda, ular qayerga yo’l oladi degan savol tug’iladi.

10-oktabr kuni Turkiya rahbari Yevropa Ittifoqiga jiddiy ogohlantirish bilan murojaat qildi.

“Xoy, Yevropa Ittifoqi! O’zingizni tutib oling. Agar amaliyotimizni istilo deb ko’rsatishga harakat qilsangiz, eshiklarimizni ochib, 3,6 million qochqinni siz tomon yo’naltirishimiz mumkin”, - degan edi Rajab Toyib Erdog’an.

2015-2017-yillar oralig’ida Yevropaga kirgan millionlab muhojirlarning aksariyati Turkiya orqali o’tgan. Yevropa Ittifoqi qochqinlar uchun Turkiyaga moliyaviy yordam va’da qilganidan so’ng Anqara chegarani mahkamroq yopib, Yevropaga qochqinlar oqimini ancha kamaytirdi.

Prezident Erdog’an chegaralarni ochib tashlayman deb turgan bir paytda suriyalik qochqinlarning o’zi hali ham Yevropaga bormoqchimi?

Qochqinlar tuzgan bir tashkilot rahbari yo’q deb javob bermoqda.

“2014, 2015, 2016-yillarga o’xshagan katta migratsiya to’lqinini endi ko’rmaymiz. Chunki Suriyada vaziyat barqarorlasha boshlagan”, - deydi Muhammad Solih Ali.

Bundan tashqari, deydi u, Yevropaga borganlar muhojirlarning hayoti haqida ma’lumot ulashib turibdi, oldingiday hovliqish yo’q hozir.

“2011, 12, 13 va 14-yillari ijtimoiy sahifalarda Yevropani jannatmakon deb tasvirlovchi tashviqot ko’p bo’lgan edi. Ammo u yerga borganlar Messenger, WhatsApp orqali uzatgan xabarlarida bunday emasligini aytishadi”, - deydi u.

Ayrimlar nazarida, chegaralarning ochilishidan Erdog’anning o’ziga ham foyda yo’q.

“Chegara ochiladimi, yo’qmi, buni bilmaymiz. Ochilsa ham nima bo’lishini bilmaymiz. Ammo ochilsa, Turkiya yakkalanib turgan bir paytda bundan battar yakkalanib qolishi mumkin”, - deydi Xalqlarni birlashtiruvchi uyushma rahbari Ustun Reynart.

Turkiya Suriya shimolida xavfsiz zonalar yaratib, Turkiyada jon saqlayotgan qochqinlarni shu zonalarga joylashtirishni taklif etmoqda. Ammo ba’zilar o’z uylaridan boshqa joyga borishni istamayapti.

“Bizni ketishga majbur qilishsa, boshqa mamlakatga o’tib ketamiz. Yoki shu yerning o’zida qolamiz”, - deydi Muhammad Ismoil ismli qochqin.

“Halab tevaraklarida yashaydigan odamlarga xavfsiz zonalarda yashash osonroq. Men esa shahardanman, menga qiyin bo’ladi”, - deydi Yusuf Husayn.

“Men va ko’plab boshqa odamlar Assad hokimiyatdan ketsagina qaytamiz”, - deydi Abdurahim.

Ustun Reynart nazarida, majburiy repatriyatsiya yirik inqirozga sharoit yaratadi.

“Hech kim o’z xohishi bilan qaytmaydi. Juda katta tartibsizliklar boshlanib ketadi”, - deydi u.

Suriyalik qochqinlarning taqdiri mavhumligicha qolarkan, ularning umid qilishdan boshqa iloji yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG