Breaking News

Turkiyada saylov oldidan iqtisodiy turg'unlik


Joriy yilning 31-martiga belgilangan mahalliy saylovlar oldidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an o'z partiyasi tarafdorlari bilan uchrashmoqda. Turkiya, 8-mart, 2019

Turkiya iqtisodiyoti so’nggi o’n yillikda ilk bor turg'unlikka yuz tutmoqda. Mart oyining oxiriga belgilangan mahalliy saylovlar oldidan joriy vaziyat Prezident Rajab Toyyib Erdog’an uchun ijobiy emas.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi chorakda Turkiya yalpi ichki mahsuloti 2,4 foizga qisqargan. Bu iqtisodiyotda keskin pasayishni anglatadigan ko’rsatkich. Undan avvalgi chorakda esa 1,6 foiz pasayish qayd etilgan edi. Ketma-ket ikki muvaffaqiyatsiz chorak ortidan mamlakat iqtisodiyotida inqiroz kuzatilmoqda.

AQSh o’tgan yili ruhoniy Endryu Bransonning Turkiyada hibsga olinishi munosabati bilan qo’llagan sanksiya iqtisodiy muhitga jiddiy zarba bergan edi. Amerika ruhoniysi ozod etilgan bo’lsa-da, vaziyat hanuz o’nglanmagan.

Valyuta almashtirish shahobchasida turk lirasi. Turkiya, 13-avgust, 2018
Valyuta almashtirish shahobchasida turk lirasi. Turkiya, 13-avgust, 2018

Vashington sanksiyasi faqat bir necha hafta davom etgan bo'lsa-da, turk lirasining qadrsizlanishi 30 foizga yetgan edi. Ayni damda, inflyatsiya darajasi 20 foiz deb baholanmoqda. Milliy valyuta qiymatini barqarorlashtirish maqsadida Turkiya Markaziy banki kredit foizlarini 24 foizgacha ko’tarib yubordi. Bu sanoat olamida juda katta ko’rsatkich bo’lib, iqtisodiy faoliyatni zaiflashtirishga sabab bo’ladi.

Turkiya ayni damda ishsizlik, iqtisodiy turg'unlik va yirik inflyatsiya girdobida. 31-martda bo’lib o’tadigan mahalliy saylovlarda hukmron partiya maqomini saqlab qolishga urinayotgan Erdog’an uchun joriy vaziyat ancha noqulay. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, iqtisodiy omil saylovlarda eng ahamiyatli asos bo’ladi. Shu nuqtai nazardan, hukmron AKP partiyasini jiddiy yo’qotishlar kutayotgan bo’lishi mumkin.

Turkiya Moliya vaziri Berat Albayrak inflyatsiyaga qarshi kurash dasturini e'lon qilmoqda. Istanbul, 9-oktabr, 2018
Turkiya Moliya vaziri Berat Albayrak inflyatsiyaga qarshi kurash dasturini e'lon qilmoqda. Istanbul, 9-oktabr, 2018

Moliya vaziri, prezident Erdog’anning kuyovi Berat Albayrak iqtisodiy ko’rsatkichlarga ijobiy ta’sir ko’rsatishga urinib, eng og’ir damlar ortda qolganini ta’kidlagan. Muammoga qisqa fursatda yechim topdik, deydi Albayrak.

Ekspertlarga ko’ra, Turkiya iqtisodiyoti avval har qanday tebranishlarga dosh beradigan, qayta tiklanishga qodir bo’lgan. Biroq bu safar vaziyat ancha murakkab.

“O’tgan yil avgustida yuz bergan valyuta kurslaridagi keskin o’zgarish arafasida yig’ilib qolgan qarzdorlik eng yirik muammo”, - deydi iqtisodchi Inan Demir.

Jahon miqyosidagi kam foizli stavkalar va likvidlik darajasiga tayanib, Turkiyaning korporativ sektori va iste’molchilari o’z zimmasiga katta majburiyatlarni olishiga to’g’ri kelgan.

So’nggi o’n yil ichida iqtisodiyot qarzdorlik hisobiga o’sdi. 2017-yilda iqtisodiy o’sish yetti foizga teng bo’lgan. Bu dunyo miqyosidagi yetkachi ko’rsatkichlardan sanaladi.
Ayni damda Turkiyada qurilish sektori eng og’ir qarzga botib qolgan. Ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi uch oy ichida sektor 8,7 foizga qisqargan. Prezident Erdog’anga aloqador qurilish sanoati ko’plab ishchi kuchini jalb etadigan va iqtisodiy tanazzulni bartaraf etishda muhim rol o’ynashga qodir soha hisoblanadi.

Turkiyaning iqtisodiy muammolari AQSh bilan yuzaga kelayotgan navbatdagi diplomatik tanglik oqibatida yanada chuqurlashishi mumkin. Vashington Anqara Rossiya raketalarini xarid qilishda davom etsa, yangi sanksiyalar qo’llashini ma’lum qilgan.NATO Rossiya raketalarining qurollanish tizimiga tahdid ekanidan ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG